“Lochinlar maktabi” sardori Shahrisabz yoshlari bilan uchrashdi

0
2923

Mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joylarda harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokida qator tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti qoʻmondonligi tomonidan Shahrisabz shahrida oʻtkazildi. “Rahbar va yoshlar” deb nomlangan uchrashuvda Shahrisabz shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi masʼullari va oʻquvchi-yoshlar hamda mahalla yoshlari ishtirok etdi.

– Har bir inson bolaligida olis osmonga tikilib, bulutlar uzra yuksaklarga parvoz qilishni orzu qiladi. Bu ushaladigan orzu, inson haqiqatan uchishi mumkin. Ikkilanish, shubhalanish, oʻz kuchiga ishonmaslik kabi oyoqlarida zaminga kishanlangan zanjirni uzsa, bepoyon kenglik uning qanotlari ostida boʻladi. Mana shunday parvoz zavqini tuyishni barchangizga tilab qolaman, – dedi uchuvchilar sardori.

Tadbir davomida ishtirokchilardan birining kutilmagan taklifiga koʻra bilim yurti boshligʻi gitara yordamida “Vatan” qoʻshigʻini kuylab berganligi yoshlarga oʻzgacha motivatsiya berdi.

Uchrashuvning badiiy qismida harbiy orkestr tomonidan estrada yoʻnalishidagi kuylar, Shahrisabz shahri madaniyat boʻlimi xonandalari tomonidan folklor, bolalar raqsi, xorij estradasi namunalari ijro etildi. Tadbirda faol qatnashgan yoshlar munosib ragʻbatlantirilib, mahallalardagi yoshlar yetakchilariga harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi yoʻnalishidagi ishlar boʻyicha tegishli uslubiy tavsiyalar berildi.

Yoshlarni rahbarlarga yanada yaqinlashtirgan tadbir soʻngida bilim yurti boshligʻi yetakchiligida mahalla yoshlarining Maqom muzeyiga ekskursiyasi uyushtirildi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati