Yoshlarga “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyati haqida tushunchalar berildi

0
2522

Janubiy-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi ofitserlari tomonidan viloyat va tuman Xalq taʼlimi mutaxassislari, taʼlim muassasalarining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari bilan hamkorlikda Buxoro shahrida joylashgan Yoshlar markazida hududdagi mahalla va umummaktablari oʻquvchi yoshlarini jalb qilgan holda davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda harbiy okrug kadrlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Rustam Abdullayev va harbiy-kasbiy saralash boʻlim boshligʻi mayor Sodiq Bazarov tomonidan ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 2-mart kuni eʼlon qilingan “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati hamda mamlakatimizdagi oliy harbiy taʼlim muassasalariga kirish tartibi haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Shuningdek, suhbat jarayonida yoshlar mavzuga doir oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga soha xodimlaridan toʻliq javoblar olishdi.

Albatta, bunday tadbirlarning oʻtkazilishidan asosiy maqsad, harbiy xizmat har bir Oʻzbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekanligini tushuntirish, milliy armiyamizga jismonan baquvvat va maʼnan yetuk yoshlar kelib qoʻshilishini taʼminlash hamda bu borada yoshlarning harbiy kasbga boʻlgan qiziqishlarini yanada mustahkamlashdan iborat.

Janubiy-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati