Nukus va Urganch garnizonlarida “Yashil yillik” umummilliy tadbiri oʻtkazilmoqda

0
2984

Davlatimiz rahbarining shu yil 2-fevral kuni videoselektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasida belgilab bergan dolzarb vazifalari yuzasidan Nukus garnizonida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan mahalliy dehqonlar tomonidan taqdim etilgan mevali va manzarali daraxt koʻchatlari yarmarkasi tashkil etildi. Unda faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari mamlakatimiz ekologiyasi kelajagi uchun ulkan umidlar bilan koʻchatlarni xarid qilib, hududlarga ekib chiqishdi.

Shu yilning 1-martidan boshlangan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri doirasida hududlarni koʻkalamzorlashtirish maqsadida Nukus garnizonidagi harbiy shaharcha hududidagi boʻsh yerlarga 1850 tup mevali va 2560 tup manzarali daraxtlar qadaldi. Shuningdek, garnizondagi 2-sonli harbiy shaharchada ham hududni koʻkalamzorlashtirish ishlari doirasida 440 tup mevali hamda 730 tup manzarali daraxtlar ekildi.

Urganch garnizonidagi harbiy shaharchalarda 715 tup nok, olma, oʻrik, behi va boshqa mevali daraxtlar hamda 2545 tup archa, saksovul, gʻujum va boshqa manzarali daraxtlar ekildi. Umumiy 10 kun davomidagi mazkur tadbirlarda harbiy okrug tasarrufidagi Nukus va Urganch garnizonlarida joylashgan toʻrtta harbiy shaharcha hududlari obodonlashtirilib, jami 3305 tup mevali hamda 6285 tup manzarali daraxtlar ekildi.

Ekologiya va atrof muhitni yaxshilash, hududlarni obod va koʻrkam qiyofaga keltirish maqsadida oʻtkazilayotgan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri harbiy okrug hududida davom etmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati