Soʻx garnizoni harbiy xizmatchilari taktik oʻquv mashgʻulotlarida toblanmoqda

0
3365

Avval xabar berganimizdek, Sharqiy harbiy okrugning Soʻx garnizonida harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini mustahkamlashga qaratilgan taktik oʻquv mashgʻulotlari davom etmoqda.

Mashgʻulotning ikkinchi kuni harbiy xizmatchilar erta tongdan marsh yurish orqali oʻzlariga biriktirilgan harbiy texnika va shaxsiy anjomlarida dala oʻquv maydoniga yetib bordilar.

Belgilangan manzilga yetib borgach, zudlik bilan qisqa vaqt ichida hududni qoʻriqlash va joylashuv ishlari tashkil etildi.

Shundan soʻng jangovar tayyorgarlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv nuqtalari tashkil etilib, mashgʻulot rahbarlari biriktirildi. Amaliy mashgʻulotlar oldidan tashkil etilgan oʻquv nuqtalarida harbiy xizmatchilarning nazariy bilimlari yana bir bor mustahkamlandi.

Mashgʻulotda taktik oʻquv mashgʻuloti umumiy rahbarining koʻrsatmasiga asosan harbiy xizmatchilar birin-ketin pozitsiyalarni egallab, nishonlarga qarata jangovar otish mashgʻulotida ishtirok etdilar.

– Mazkur amaliy mashgʻulotlar nafaqat menda, balki barcha shaxsiy tarkibda noqulay ob-havo, notanish joy hamda kutilmagan vaziyatda tezkor qaror qabul qilish koʻnikmalarimizni yanada mustahkamladi, – deydi kapitan Quvvatbek Auzbayev.

Darhaqiqat, yurt posbonlari bilan olib borilayotgan amaliy oʻquv mashgʻulotlari ularning tajribasi va mahoratini, har tomonlama kasbiy malakasini oshirishga xizmat qilishi ayni haqiqatdir.

Oldinda taktik oʻquv mashgʻulotining yakuniy bosqichi, bu haqda keyingi xabarlarimizda batafsil maʼlumot beramiz.

Podpolkovnik Faxriddin NUTFILLAYEV, Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati boshligʻi