Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari harbiy yig‘inlarda qatnashdi

0
1003

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining 694 ta maktabidan 669 nafar  va Xorazm viloyatidagi 542 umumta’lim maktablaridan 506 nafar, jami 1211 nafar chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari harbiy poligonlarda tashkil etilgan yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrdagi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasiga asosan, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik, shu jumladan fuqaro muhofazasi bo‘yicha tayyorgarlik o‘quv dasturidagi majburiy fan bo‘lib, umumta’lim maktablarida va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar tayyorgarlik o‘qituvchilari tomonidan bitirish yili arafasidagi kurslardan yoki sinflarda o‘tiladi.

Mazkur fanning maktablarda o‘qitilish sifatini yaxshilash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida harbiy xizmatga qadar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida o‘tkazilgan bir kunlik yig‘in mashg‘ulotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Nukus” umumqo‘shin poligoni hamda Xorazm viloyatidagi “Yangiariq” umumqo‘shin poligonida olib borildi.

Yig‘in mashg‘ulotlari doirasida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan o‘qituvchilarga mintaqamiz va jahondagi harbiy-siyosiy vaziyat, milliy armiyamizda ro‘y bergan so‘nggi o‘zgarish va yangilanishlar, harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining ijtimoiy himoyasi yo‘lidagi sa’y-harakatlar haqida ma’lumotlar berilib, chaqiruvga qadar boshlang‘ich hamda jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik fanlaridan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Shuningdek, yig‘in doriasida mutasaddilar tomonidan o‘qituvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident farmoyishi talablari yetkazilib, vatanparvarlik oyligini yoshlar va aholi bilan keng nishonlash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Okrug qo‘mondonligi tomonidan Vatan himoyachilari kuni umumxalq bayrami tarovatini eng olis qishloq va ovullargacha yetkazishda ushbu fan o‘qituvchilarining munosib hissa qo‘shishiga katta umid bildirildi.

Mashg‘ulotlarda nazariy bilim va ayniqsa, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash uchun kelgan o‘qituvchilar harbiy topografiya, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, tibbiy va saf tayyorgarliklari, otish tayyorgarligidan me’yorlarni bajarib, TOZ-8 kichik kalbrli miltig‘idan amaliy o‘q otish mashqlarida ishtirok etdi.

Jami 4 kun davom etgan yig‘in mobaynida harbiy okrug tomonidan o‘qituvchilar dala ust-bosh harbiy kiyim bilan ta’minlanib, bayramona tushlik tashkil etildi.

Joriy yilda oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘quvchilarning o‘qishga kirish ko‘rsatkichini yuqori ko‘targan fan o‘qituvchilariga tashakkurnomalar topshirildi.

Ta’kidlash joizki, 2020-yilning 20-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan umumta’lim muassasalarining 11-sinf o‘quvchilarini “Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida o‘quv yilida bir marta harbiy poligonga olib chiqish tizimini joriy etish bo‘yicha berilgan topshiriqdan keyin shu yilning o‘zida Qoraqalpog‘istondan jami 10 942 nafar va Xorazmdan 11 900 nafar, jami 22 842 nafar o‘quvchi jalb etilib, quroldan amalda o‘q otish mashqini bajardi.

Shuningdek, umumta’lim maktablarining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan Qoraqalpog‘istondan 634 nafar hamda Xorazmdan 452 nafar, jami 1 086 nafar o‘qituvchi ham mazkur mashg‘ulotlarda ishtiroki ta’minlandi.

Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda xalqimiz tarixiga va ma’naviy qadriyatlariga yuksak hurmat tuyg‘usini shakllantirish, Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini ta’minlashga doimo shay turishga hamda harbiy xizmatni o‘tashga tayyorlash tizimidagi islohotlar yurtimizda sadoqatli, vatanparvar, komil insonlarni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati