Xonobodda jangovar qiruvchi samolyotlar ishtirokida oʻquv mashgʻuloti boʻlib oʻtdi

8

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugidagi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismda amaliy parvoz mashqlari oʻtkazildi.

Samo lochinlari Xonobod qoʻrgʻonchasida joylashgan harbiy aerodromda SU-25, SU-27 va MIG-29 jangovar qiruvchi samolyotlari yordamida kunduzgi va tunggi mashqlarni bajardi.

Oxirgi yillarda Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlarini yanada takomillashtirish, harbiy uchuvchilarning professionallik darajasini oshirish, aviatsiya hamkorligidagi dala-oʻquv mashgʻulotlarini real vaziyatlarga yaqinlashtirgan holda olib borish va uning imkoniyatlaridan unumli foydalanish boʻyicha samarali ishlar qilindi.

Har bir amaliy mashqlarga kirishishdan oldin uchuvchilar oʻsha mashqni parvoz qilishi koʻzda tutilgan hududning 3D formatidagi elektron tasvirda zamonaviy simulyatsiya trenajyorlari yordamida mashq qilishadi.

Mahoratli va tajribali harbiy uchuvchilar samoda turli usullarni qoʻllab, yerdagi berilgan nishonlarni yakson qildi. Jangovar qiruvchi samolyotlar qoʻnish yoʻlagiga kirganda, maʼlum muddatdan keyin ular orqasidan parashyut ochilib, uchish apparatlari toʻxtashini sekinlashtirishga yordam beradi. Harbiy uchuvchilar buni “tormozlash parashyuti” deb atashadi.

 

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari shaxsiy tarkibi qoʻshin va moddiy vositalarni havo orqali tashish, havo razvedkasini yuritish, muhim obyektlarni dushmanning havodan beradigan zarbasidan himoya etish, samodan turib dushmanning aviatsiya va quruqlikdagi qoʻshinlarini yakson qilish, davlat va harbiy-boshqaruv tizimi, frontorti va harbiy-iqtisodiy qudratga molik obyektlarni, transport kommunikatsiyalarini aviatsion jihatdan qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalarni bajaradi.

Mazkur mashgʻulotlarda ham mahoratli uchuvchilar amaliy koʻnikmasini mustahkamlab, milliy armiyamiz jangovar shayligi va qudratini oshirishga, samo sarhadlarimiz musaffoligini taʼminlashga doim jangovar shay ekanligini isbotlashdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati