VATAN OMON BOʻLSIN!

3

Dunyoning bir burjidagi pastqam tepalikda uzoq umr koʻrgan otaxonning qabri bor, deyishadi. Oʻtkinchilar qabr toshidagi marhum yashagan qisqa davrni koʻrib, hayratga tushar ekan. Keyin bilishsa, otaxon ozod yashagan, yurtiga xizmat qilgan lahzalarinigina hayot hisoblab, oʻsha yillarni qabr toshiga bitishlarini vasiyat qilib ketgan ekan.

Aslida chin inson oʻz umrini vatan oldidagi xizmatlari va insonlarga qilgan yaxshiligi bilan oʻlchaydi.

“Vatanparvar” birlashgan tahririyati xodimi, taniqli ijodkor Zulfiya Yunusova qalamiga mansub “Yovqurlar” qissasi Vatan uchun yashagan, fido boʻlgan azamat yigitlar hayotidan soʻzlaydi. Rejissyor Hilol Nasimov tomonidan ushbu qissa asosida “Hayot” nomli film suratga olingani ham koʻpchilikka sir emas.

Film oʻz nomi bilan film. Asarning kitob holida chop etilishi esa ham badiiy, ham ijtimoiy qiymat va qimmatga ega. Yaxlit kitob holiga keltirilgan ushbu moʻjaz bitiklar oʻquvchi koʻz oʻngida bor vujudi va hayoti bilan yurt ozodligi yoʻlida kurashgan insonlar siyratini namoyon etadi.

“Vatan omon boʻlsin!” kitobi oʻz ichiga “Yovqurlar”, “Bugunimiz qahramonlari”, “Er yigit elning bolasi boʻladi”, “Endi navbat meniki”, “Qahramonlar qalbimizda yashaydi”, “Xotira uygʻonsa goʻzaldir!”, “Ajab saodat erur yaxshilik birla chiqsa ot”, “Ulugʻbekning yulduzi”, “Olovqalb, mehribon va sodiq”, “Eli omonligi uchun jon fido qilgan Elomon”, “Jasur oʻgʻlonlarin unutmas millat!”, “Yurtni qalqon boʻlib asragan oʻgʻlon”, “Ismiga monand qahramon”, “Vatan uchun jondan kechgan yigit”, “Er kishi el koriga yarashi kerak”, “Bir fasllik mehmonim”, “Ulugʻ yoʻl boshlangan qutlugʻ ostona”, “Bir umrga yetgulik ezgu xotira qoldi”, “Maqsadlar manzilidagi qum zarrasi”, “Alp erlarni unutmas Vatan”, “Yuraklarda yashayotgan mardlik”, “Alohida mehr va ehtirom bilan” kabi xotira-bitiklarni oʻz ichiga oladi.

Ularning har birida qahramon hayoti, uning shonli yoʻli gʻurur va iftixor bilan tilga olinadi. Aslida, Vatan qahramonlarining har biri haqida alohida kitob yozsa boʻladi. Bu ilk qadamlardan biri ekanini hisobga olsak, oldinda hali masʼuliyatli va mashaqqatli ishlar borligi, bu oʻgʻlonlar haqida qancha-qancha asarlar yozilishi, kino va hujjatli filmlar ishlanishi yodga tushadi.

“Vatan omon boʻlsin!” uquvchiga nima beradi? Avvalo har bir qahramon hayotini yuragidan oʻtkazib koʻrgan oʻquvchi mardlik, fidoyilik kabi muqaddas tushunchalarni teran anglaydi, xulosalar chiqaradi.

Yozuvchi aytganidek, biz mard boʻlib tugʻilganmiz, qoʻrqoq boʻlib emas. Qoʻrqoqlik, hayotga hadiksirab qarashdir. Bu qadr-qimmat emas, balki kasallikdir. Agar undan ehtiyot boʻlmasak, u bizni yengadi. Koʻrqoq odam oldinga harakat qilmaydi. Ular hech qachon oldinga yurmaydilar, oʻsmaydilar, kuchli bulmaydilar.

Kitobni mutolaa qilgan oʻquvchi avvalo yurt himoyachilarining har oni jasorat ekanini tushunib yetadi. Muqaddas kitobdarimizda ham yurt tinchligi uchun bir kun xizmat qilgan kishi katta marhamatlarga sazovor boʻlishi aytilgan. Demak, ushbu kitob koʻngil xazinamizdan chuqur joy olishi shubhasiz. Zero, oʻtib borayotgan har kunimiz bizni kurashishga, ezgulikni kuylashga, Vatan-la yashashga undamoqda.

“Vatan omon boʻlsin!” – bir hovuch dur jilosi barchamizga muborak boʻlsin!

“Vatanparvar” birlashgan tahririyati