“Turon” harbiy teatri Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” qissasini sahnalashtirdi

4

Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi qoshida tashkil qilingan “Turon” harbiy teatr-studiyasi 3-mavsumni Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosida ishlangan spektakl bilan ochdi.

Adib tavalludining 90 yilligiga munosib tuhfa boʻlgan ushbu spektakl premyerasiga taniqli yozuvchi va shoirlar, teatr va kino aktyorlari tashrif buyurishdi.

Bu spektaklning teatr-studiya repertuaridan oʻrin olgan boshqa spektakllardan farq qiladigan jihati, u bor-yoʻgʻi uch personaj: Ilyos (Erkin Bozorov), Asal (Feruza Sobitova) va Hadicha (Ilmira Rahimjonova) obrazlari asosiga qurilganidir. Asardagi voqeliklar mana shu uchta obraz atrofida aylanadi. Inson qalb ogʻriqlari, tuygʻulari harakatlar va ijro uygʻunligida goʻzal tarzda ifodalangan spektakl asar mohiyatini toʻliq ochib berolgani bilan ahamiyatli boʻldi.

Shuningdek, spektakl uchun ishlangan sahna bezaklari, dekoratsiyalar, spektakl davomida foydalanilgan qirgʻiz xalq qoʻshiqlari oʻsha davr ruhiyatini aks ettira olgani, oʻziga xos milliy koloritni ochib bergani bilan tomoshabin eʼtiborini tortdi.

“Sarvqomat dilbarim” qissasini oʻqigan boʻlsangiz bilasiz, asar juda keng qamrovli. Uni hatto bitta kinofilmga ham sigʻdirish mushkul. Lekin rejissyorning mahoratini koʻringki, mana shunday keng diapozonli asarlarni, Chingiz Aytmatov dardini, asar qahramonlari davrini, qolaversa, Issiqkoʻl manzaralarini kichkinagina sahnada ifodalab beroldi. Natijada tugal bir spektakl vujudga keldi. Bu sahna asari tomoshabinga sof tuygʻularni, sevgini, muhabbatni qadrlashni oʻrgatadi, er yigit uchun mardlik, tantilik va hokazo insoniy fazilatlarning nechogʻliq qimmatligi ekanligini anglatadi. Spektakl – bu hayot degani. Biz unda oʻzimizni koʻramiz. Demak, koʻrganlarimizdan taʼsirlansak, yaxshi va yomon amallarimizni tadqiq qilsak, xatolarimizni anglab yetsak, demak, spektakl oʻz tarbiyaviy vazifasini bajargan boʻladi”, – deydi taniqli yozuvchi va dramaturg Qoʻchqor Norqobil.

Mazkur spektakl Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan sahnalashtirilib, xalq eʼtiborga tortiq qilindi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati