Turkiya harbiy mutaxassislari Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida mashgʻulotlar oʻtkazadi

2

Turkiya Mudofaa vazirligi Xalqaro harbiy hamkorlik boshqarmasi boshligʻi general-mayor Umit Yildiz boshchiligidagi harbiy delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Turkiya elchixonasining Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan harbiy attashesi polkovnik Mustafa Baloglu hamrohlik qildi.

Tashrif davomida harbiy hamkorlik borasidagi bir qator masalalar muhokama qilindi, jumladan, Turkiya tomoni oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilarning malakasini oshirishga xizmat qiladigan bir qator oʻquv markazlari hamda oliy harbiy taʼlim muassasalari roʻyxatini taqdim etib, hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Xususan, taqdim etilgan roʻyxat orasida NATO tomonidan sertifikatlangan Anqara shahridagi Terrorizmga qarshi kurashish markazi hamda “Tinchlik yoʻlida hamkorlik” dasturi markazi ham mavjud.

Shuningdek, Turkiya harbiy delegatsiyasi turk mutaxassislarini Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida uzoq muddatli seminar-trening mashgʻulotlarga jalb qilish amaliyotini ham qoʻllab-quvvatladi. Ular Oʻzbekistonga harbiy xizmatchilarga turk tilidan dars beradigan oʻqituvchilarni ham yuborishga tayyorga ekanliklarini bildirdi.

Bundan tashqari ikki mamlakat oliy harbiy bilim yurtlari oʻrtasida 2020 yildan masofadan turib dars oʻtish amaliyotini joriy etishni muhokama qilishdi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasida ayni vaqtda yetakchi xorijiy mamlakatlar harbiy bilim yurtlari mutaxassislari bilan onlayn rejimida videomashgʻulotlar oʻtkazish amaliyoti joriy etilmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati