Toshkentda “Mustaqillik marafoni” boʻlib o‘tdi

8

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligiga bagʻishlangan “Mustaqillik marafoni —2018” loyihasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Mudofaa vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan marafonda 16 yoshdan katta boʻlgan sportchilar 10 kilometr masofaga yugurish boʻyicha bahs olib bordilar.

Ushbu marafonga maxsus veb-sayti – www.marafon.yi.uz da roʻyxatdan oʻtgan 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan koʻngilli yoshlar hamda faxriylar ishtirok etdi.

“Mustaqillik marafoni—2018”ga soat 09:00 da Yakkasaroy tumanidagi Nukus va Glinka koʻchalaridan start berildi va soat 12:30 da Mustaqillik maydonida yakunlandi.

Marraga yetib kelgan dastlabki 300 nafar sportchi eksklyuziv medallar bilan taqdirlandi. Gʻolib va sovrindorlarga atalgan esdalik sovgʻalari Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Jasur Matchanov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Sharifjon Moʻmindjanov hamda boshqalar tomonidan topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilda “Navroʻz” umumxalq bayrami munosabati bilan oʻtkazilgan marafonda dastlabki uchta oʻrin Mudofaa vazirligi vakillariga nasib etgandi, bu safargi marafonda esa harbiy xizmatchilar ishtirok etmadi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati