Toshkentda armiya qoʻl jangi chempionatiga start berildi

7

Toshkentdagi “Universal” sport majmuasida MDHga aʼzo davlatlar doʻstona armiyalari oʻrtasidagi armiya qoʻl jangi musobaqasiga start berildi.

Musobaqani Oʻzbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Azizbek Ikramov ochib berdi.

“2017 yilda Oʻzbekiston MDHga aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirliklari qoshidagi sport qoʻmitasining toʻlaqonli aʼzosiga aylangan edi va bugun birinchi marta Toshkentda hamdoʻstlikka aʼzo mamlakatlar armiyalarining qoʻl jangi ustalarida oʻrtasidagi chempionatni oʻtkazmoqdamiz. Barcha ishtirokchilarga yuqori natijalarga erishishni va harbiy-professional tayyorgarligi davlatlarimiz hamda xalqlarimiz farovonligi yoʻlida xizmat qilishini tilab qolaman”, — deydi Azizbek Ikramov.

Shundan soʻng Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilarining, shuningdek, sportning turli yoʻnalishlari boʻyicha Mudofaa vazirligi sport klubining bolalar sporti maktabi tarbiyalanuvchilarining koʻrgazmali chiqishlari tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining chiqishlari hamda ishtirokchi davlatlarning xalq qoʻshiqlarini ijro etgani yigʻilganlar kayfiyatiga oʻzgacha ruh bagʻishladi.

Eslatib oʻtamiz, Toshkentda oʻtkazilayotgan musobaqada Rossiya Federatsiyasi,Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston hamda Oʻzbekiston Respublikalarining qoʻl jangi sporti ustalari ishtirok etmoqda.

Kecha, 10 sentabr kuni Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida boʻlib oʻtgan qurʼa tashlash yakunlariga koʻra dastlabki krug janglarida oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar tatamiga chiqmadi. Ikkinchi krugdan boshlab yetti vazn toifasida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari bahslarga kirishdi.Eng qiziq va murosasiz janglar ertaga, 12 sentabr kuni boʻlib oʻtadi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati