“Temurbeklar maktabi”da Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan “Prokuror soati” darsi joriy etildi

1

“Temurbeklar maktabi”da Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan oʻquv jadvaliga muvofiq “Prokuror darsi” joriy etildi.

Shuningdek, Toshkent harbiy okrugidagi harbiy qismlarda harbiy xizmatchilarning huquqiy savodxonligini yanada oshirish maqsadida haftaning har payshanba kunlari huquqiy targʻibot tadbirlari tashkil etilmoqda.

Kecha, 6-dekabr kuni Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26 yilligi bayramiga bagʻishlab Qurolli Kuchlar akademiyasi hamda “Temurbeklar maktabi”da “Yoshlar huquqiy madaniyatini yuksaltirishda Konstitutsiyaning oʻrni” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

– Tadbir savol-javobga boy tarzda oʻtdi, – deydi adliya podpolkovnigi Jamshid Temirov. – Bu kabi huquqiy profilaktik tadbirlar harbiy xizmatchilarning huquqiy bilimlarini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga harbiy intizomni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish, joylardagi mavjud muammolarga oʻz vaqtida eʼtibor qaratish hamda harbiy xizmatning xavfsiz sharoitlarini taʼminlash kabi maqsadlarga yoʻnaltirilgan.

Tadbirda yakunida Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan akademiya kutubxonasiga hamda “Temurbeklar maktabi” tinglovchilariga huquqiy mazmundagi kitoblar topshirildi.

Toshkent harbiy prokuraturasi