TATU Maxsus fakultetida “Shahdam qadamlar” sport festivali boʻlib oʻtdi

5

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakultetida poytaxtlik yoshlar oʻrtasida “Shahdam qadamlar” shiori ostida harbiy sport festival-musobaqasi boʻlib oʻtdi.

Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi, Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Yoshlar ittifoqining shahar kengashi, Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi va qator tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilgan ushbu musobaqadan koʻzlangan asosiy maqsad yosh avlod oʻrtasida sportni kengroq targʻib qilish va ularning intellektual salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan.

Musobaqani Qurolli Kuchlari faxriysi Talʼat Murodov ochib berar ekan, yurtimizning yosh avloddan umidi katta ekani, ularning bilimi va kuchi, gʻayrati va jasorati ertangi qudratimiz va tinchligimizni taʼminlovchi asosiy kuch boʻlishini iftixor bilan taʼkidlab oʻtdi.

Bahs qatnashchilari test savollarini yechish, turnikda tortilish, estafeta yugurish, pnevmatik miltiqdan oʻq otish, basketbol toʻpini savatga uloqtirish, 11 metrdan darvozaga toʻp kiritish, arqon tortish kabi shartlar boʻyicha bellashishdi. Ishtirokchilar mahoratini hakamlar bilan birgalikda tomoshabinlar ham bevosita kuzatib bordilar.

Yakuniy natijalarga koʻra, harbiy sport festival-musobaqasida jamoalar oʻrtasida faxrli 1-oʻrinni 5-sonli maktabning “Patriot” jamoasi egalladi hamda diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. 2-oʻrin 105-sonli maktabning “Qalqon” jamoasiga nasib etgan boʻlsa, 3-oʻrinni 272-sonli maktabning “Shahriston” jamoasi qoʻlga kiritdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati