Tadbirkorlik bilan shugʻullanishni istagan muddatli harbiy xizmatchilarga kreditlar imtihon asosida beriladi

2

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi hamda Oʻzbekiston banklar Assotsiatsiyasi 2018 yil 16 oktyabr kuni “Muddatli harbiy xizmatchilar bilan tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish uchun kreditlar olish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini tushuntirishga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarorni imzoladi.

Ushbu qaror Vazirlir Mahkamasining 2018 yil 6 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosi yoʻlida qabul qilindi.

Qarorga muvofiq Mudofaa vazirligi, Moliya vazirligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga “Oʻzsanoatqurilishbank” hamda “Xalq banki” bilan hamkorlikda kamida olti oy xizmat qilgan muddatli harbiy xizmatchilar oʻrtasida tadbirkorlik faoliyati uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va kreditlar berish tartibini tushuntirish boʻyicha seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar va amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish, oʻtkazilgan tadbirlar yakunlari boʻyicha muddatli harbiy xizmatni oʻtashda safdoshlariga oʻrnak boʻlgan harbiy xizmatchilarga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirish imkonini beruvchi tegishli sertifikatlar berish tartibi belgilab berildi.

Muddatli harbiy xizmatchilarga tadbirkorlik faoliyati boʻyicha imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirish uchun sertifikatlar berish mezoniga koʻra, kreditlar olish, hujjatlarni rasmiylashtirish tartiblari boʻyicha seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar va amaliy mashgʻulotlar kurslarining tugashi bilan muddatli harbiy xizmatchilarning orttirgan bilim darajasini aniqlash, ular orasidan eng faol va bilimlilarini saralash maqsadida imtihon sinovi oʻtkaziladi.

Imtihon ikki bosqichda — test va insho koʻrinishida boʻladi.

Joylardagi Aksiyadorlik tijorat“Oʻzsanoatqurilishbank” va AT “Xalq banki” tomonidan oʻtkazilgan test sinovi va insho boʻyicha yuqori ball (12 balldan yuqori) toʻplagan muddatli harbiy xizmatchilar bilan oʻtkaziladiganyakuniy suhbatdan soʻng, tadbirkorlik faoliyati boʻyicha imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirishga sertifikatlar berish uchun harbiy qism komandiriga taqdimnomalar kiritiladi.

Taqdimnomalar harbiy qismlardan Mudofaa vazirligiga yuboriladi. “Mudofaa vazirligi qoʻshinlaridagi muddatli harbiy xizmatchilarga tadbirkorlik faoliyati boʻyicha imtiyozli kreditlar uchun sertifikatlarni berish masalasini koʻrib chiqish” komissiyasi tomonidan namuna boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarga imtiyozli kreditlarga sertifikatlar berish uchun harbiy qism komandiriga kiritilgan taqdimnomalar oʻrganib chiqiladi. Komissiya tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi va bayonnoma nusxalarini harbiy qism qoʻmondonliklariga, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining hududiy kengashlari va Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasiga yuboriladi.

Mudofaa vazirligida tegishli mutahassislar bilan hamkorlikda muddatli harbiy xizmatchilarga mazkur qoʻshma qaror mazmunini tushuntirish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi boshlandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati