Mirzo Ulugʻbek tumanining bir guruh yoshlari eʼtibor va gʻamxoʻrlikni amalda his qilishdi

0
538

Bugun, 30-oktyabr kuni Mirzo Ulugʻbek tumani mudofaa ishlari boʻlimi hamda tuman hokimligi hamkorligida keng qamrovli tadbir tashkillashtirildi.

Unda “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi hamda oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlash arafasida boʻlgan yigit-qizlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniylar, faol yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Marosim avvalida Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi Shavkat Irgashev soʻzga chiqib, bugungi kunda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, ular bilan muntazam ravishda ishlash hamda mavjud muammolarini ijobiy hal etish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida qisqacha maʼlumot berdi. Shuning bilan birga yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan kimlarga murojat etish, davlat tashkilotlari bilan qanday aloqa oʻrnatish haqida tegishli koʻrsatmalar aytib oʻtildi.

 

Shundan soʻng hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Jumladan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bir guruh yigitlarga imtiyozli ravishda Safarbarlik chaqiruv rezervida bir oylik xizmatni oʻtash uchun badal pulini toʻlab berish toʻgʻrisidagi sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalariga shartnoma asosida oʻqishga qabul qilingan kam taʼminlangan oila farzandlariga ham kontraktining bir qismini qoplab berish kuchiga ega sertifikatlar hokimlik tomonidan oʻz egalariga topshirildi. Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda yoshlarning bandligini taʼminlash hamda ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir guruh yosh tadbirkorlarga subsidiya tariqasida ish quroli va anjomlar taqdim etildi.

Tadbir qizgʻin jarayonlarga boy boʻldi. Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy orkestri hamda Ichki ishlar vazirligi alohida-namunali orkestrining chiqishlari yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbir doirasida 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Qurolli Kuchlar faxriylari “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” va “Mudofaa vazirligi faxriysi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandilar.

Yakunda mana shunday xayrli ishlarni amalga oshirishda jonbozlik koʻrsatgan va amaliy yordam bergan masʼul shaxslarga tashakkurnomalar topshirildi.

Barchinoy SINDAROVA,
OʻzJOKU harbiy jurnalistika 2-kurs talabasi