Termizda harbiy xizmatchilarning farzandlari harbiy qismga sayohat qilishdi

0
4848

“Ot oʻrnini toy bosar!” deganlaridek, Termiz garnizonida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlari orasida ham kelajakda harbiy xizmatchi boʻlishni maqsad qilib yurganlari koʻpchilik. Ularni Vatan himoyachilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirish maqsadida harbiy qismga sayohatlari tashkil qilindi.
Bundan koʻzlangan maqsad, bolajonlarni harbiylar hayoti bilan yaqindan tanishtirish orqali vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash hamda harbiy xizmatchining farzandi ekanligidan doimo gʻururlanishi va faxrlanishi hissini oshirishdan iboratdir.
Dastlab harbiy xizmatchilar farzandlari bilan birgalikda harbiy orkestr sadolari ostida tantanali kutib olindi.
Shundan soʻng bolajonlarga bugungi kunda mavjud zamonaviy qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi va ular haqida maʼlumotlar berildi.
Bolajonlarning keyingi manzillari harbiy qism sport majmuasi boʻldi va u yerda bolajonlar harbiylar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar va shu yerning oʻzida bolajonlar oʻrtasida sport oʻyinlari oʻtkazildi.

Gʻolib boʻlgan bolajonlar harbiy qism qoʻmondonligi tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandilar.
Tadbir davomida batalyon komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari kapitan Azizbek Mirzaaxmedov harbiy xizmatchilarning farzandlariga harbiy qismning qoʻlga kiritgan yutuqlari va harbiy xizmatchilarning yashash sharoitlari va ularga hamda farzandlariga davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berdi.
Boʻlajak vatanimiz himoyachilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdilar.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni.