Harbiy-vatanparvarlik karvoni olis Tomdi tumanida

0
697

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayramini munosib nishonlash maqsadida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida “Xalq va armiya – bir tan-u bir jon!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi harbiy qism targ‘ibot guruhi a’zolaridan iborat “Harbiy-vatanparvarlik karvoni” hamda hamkorlikdagi davlat va jamoat tashkilotlari bilan birga Tomdi tumani “Tomdibuloq” va “Keregetau” ovul fuqarolar yig‘inida aholini, ayniqsa band bo‘lmagan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkillashtirib o‘tkazildi.

Tadbirda olis hududlarda istiqomat qiluvchi 200 ga yaqin yoshlar ishtirok etib, armrestling, shaxmat-shashka, arqon tortish kabi sport o‘yinlariga hamda musiqa, kitobxonlik, kompyuter savodxonligi va she’rxonlik kechalariga jalb etildi.

Tadbir davomida o‘quvchi yoshlar bilan armiya o‘yinlari g‘oliblari ishtirokida uchrashuv, qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rigi, qo‘l-jangi chiqishlari hamda harbiy qism badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Yakunda sport musobaqasi g‘oliblari va faol o‘quvchi yoshlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti