Yoshlar tarbiyasida yana bir yangi tizim joriy etilmoqda

0
2231

Har qanday davlat taraqqiy etishida va uning qudrati yuksalishida yoshlar hal qiluvchi kuch hisoblanadi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari har bir chiqishlarida yoshlar taʼlimi va tarbiyasiga jiddiy urgʻu berib, bu borada barchani bir yoqadan bosh chiqarib ish olib borishga undaydi. Joriy yilning 12-yanvar kuni Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yigʻilishida ham asosiy eʼtibor shu masalaga qaratildi. Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Miziyoyev tomonidan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni manzilli va maqsadga yoʻnaltirilgan holda tashkil etish boʻyicha qator vazirlik va idoralar masʼullariga aniq topshiriqlar berildi.

Mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan Sharqiy harbiy okrugda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, kuch tuzilmalari vakillari, Mudofaa vazirligi va Sharqiy harbiy okrug qoʻmondonligi masʼullari, mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlari boshliqlari ishtirokida oʻquv-uslubiy anjuman boʻlib oʻtdi

Soʻzga chiqqan masʼullar roʻyxatga kiritilgan yoshlarni harbiy xizmatchilarga nomma-nom biriktirish, ular bilan amalga oshirilgan ishlarning tanqidiy sarhisobi har oyning belgilangan kunida oʻtkazilishi lozimligi haqida gapirib, bu ishlar Vatan taqdiri bilan bogʻliq ekanligini inobatga olgan holda, yigʻilganlarni tashabbuskor boʻlishga undadilar. Chunki vatanparvarlik yoshlarda fuqarolik burchi, shaxsiy masʼuliyat hissi, Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusini, faol hayotiy pozitsiya va qatʼiy eʼtiqodini, kasbiy mahoratini shakllantiradigan qudratli vositadir. Bundan unumli foydalangan holda yoshlarimizda yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, Ona-yurt taqdiri uchun masʼuliyat tuygʻusini mustahkamlash, ularni oʻz kasbiga sadoqatli va har tomonlama yetuk kadrlar etib tarbiyalash boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrishimizni taqozo qilmoqda.

Zero bugungi sharoitda mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik, shu jumladan, harbiy-vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongiga tinchlik va totuvlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash zarurligini chuqur singdirish, “Xalq va armiya — bir tanu, bir jondir!” degan ezgu gʻoya asosida yoshlar tarbiyasiga masʼul vazirlik va idoralarning kuch va imkoniyatlarini bir gʻoya, bir maqsad asosida birlashtirish talab etilmoqda.

Mutasaddilar tomonidan mamlakat yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning yangi tizimi, deya eʼtirof etilgan mazkur tadbirlar navqiron avlod vakillarining islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirishda, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishda, eng muhimi adashganlarni toʻgʻri yoʻlga solishda muhim qadam boʻlishi taʼkidlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti