Mudofaa vazirligi Psixologik tayyorgarlik markazi faoliyat boshladi

0
1764

Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi Psixologik tayyorgarlik markazining tantanali ochilish marosimini o‘tkazildi.

Unda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish, turli murakkab va og‘ir vaziyatlarga nisbatan ruhiy bardoshliligini mustahkamlashga qaratilgan ishlar “Yuksak jangovar ruh askarning yengilmas kuchi, armiyaning qudratidir!” degan konseptual g‘oya asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda jahon va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, qator davlatlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuv va harbiy mojarolarning avj olayotgani hushyorlikni pasaytirmaslik, har qanday vaziyatda harbiy xizmatchilarda yuksak axloqiy-jangovar ruhiyatni saqlab qolish qobiliyatlarini shakllantirish dolzarbligini qayd etdi va markaz faoliyatiga ulkan zafarlar tiladi.

So‘ng mehmonlar ramziy tasmani kesib, markazda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiy psixologlar, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy psixologiya yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlar ishtirok etgan tadbirda Psixologik tayyorgarlik markazi uchun yangidan barpo etilgan maxsus xonalar, yaʼni jangovar treninglar laboratoriyasi, vaziyatli o‘yinlar sinfi, ruhiy zo‘riqishlarni yechish xonasi va imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

– Mazkur markazni tashkil qilishdan asosiy maqsad har qanday standart va nostandart vaziyatlarda harbiy xizmatchilarning doimiy jangovar va psixologik barqaror holatini taʼminlash hamda shaxsiy tarkibni jangovar vazifani so‘zsiz bajarishga safarbar etish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hisoblanadi, – deydi podpolkovnik Sherzod Ravshanov. – Mazkur markazda Mudofaa vazirligi qo‘shinlaridagi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari, harbiy psixologlar, shuningdek, qo‘shinlardagi guruh komandirlari va ularning o‘rinbosarlari, yo‘riqchi-serjantlarning malakasi oshiriladi.

Katta leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti