Nukusdagi Prezident maktabida faxriylar bilan uchrashuv qiziqarli oʻtdi

0
820

Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi respublikamizning barcha hududlarida taʼminlanmoqda. Mazkur qaror yoshlarni vatanparvarlik, shu jumladan, harbiy-vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongiga tinchlik va totuvlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash zarurligini chuqur singdirishdek muhim vazifalarni oʻz ichiga olgani bilan ahamiyatlidir.

Nukus shahridagi Prezident maktabida boʻlib oʻtgan “Vatan ulugʻ, burch muqaddas” nomli “Faxriylar va yoshlar” uchrashuvi ham oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarini vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalashga xizmat qildi. Unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, taʼlim maskanining oʻquvchilari ishtirok etdi.

Yangi oʻquv yilini yaqindagina boshlagan oʻquvchilar mehmonlar tashrifidan bagʻoyat hursand boʻlishdi. Davra suhbati boshlanishidan avval maktabning kutubxonasiga taklif etilgan faxriylar u yerda oʻquvchilar bilan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Yedigey, Shariyar kabi oʻzbek va qoraqalpoq xalqining buyuk sarkardalari haqida suhbat qurdi.

“Buyuk davlat tuzgan insonlarning avlodlarimiz. Vatanni qoʻriqlash va uni asrab-avaylash, avlodlarga tinchlik va osoyishtalikni inʼom etish – barchamizning vazifamiz”, – dedi Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug Faxriylar ishlari boʻyicha kengash raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Abdurasul Yusupov.

Shundan soʻng, maktabning faollar zalida yuzga yaqin yoshlar bilan davra suhbati tashkil etilib, faxriylar Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan islohotlar haqida soʻzlab berishdi. Faxriylarning harbiy hayotdagi qiyinchilik bilan erishgan yutuqlari jajji qalblarni toʻlqinlantirib yubordi.

Savol-javobga boy oʻtgan tadbir yoshlar uchun manfaatli boʻldi. Tadbir soʻnggida maktabning amfiteatrida uchrashuv fototasvirga muhrlandi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan bu kabi uchrashuvlar “Xalq va armiya – bir tanu, bir jondir!” degan ezgu gʻoya bilan yoshlarni bir maqsad yoʻlida birlashtirishga xizmat qilayotgani, albatta, quvonarlidir.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati