Mardlar maydonda kurashdi

0
1923

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugning Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilar oʻrtasida “Bahodirlar sport oʻyini” musobaqasi tashkil etildi.

Bellashuvlarda ishtirokchilar 5 ta shart boʻyicha birinchilik uchun kurash olib bordi. Polvonlarning jismoniy imkoniyati dastlab 32 kg tosh va 50 kg ogʻirlikdagi shtanga bilan mashqlarni bajarishda sinovdan oʻtkazildi. Keyingi shartlarda ogʻir yuk mashinasining 150 kilogrammga teng balonini maʼlum masofa oraligʻida koʻtarib borish va 50 kilogrammlik yukni 20 metr masofaga tezkorlik bilan yetkazish kabi sharlarda mahoratlari namoyon boʻldi.

– Odatda har bir harbiy xizmatchi ogʻir toshni koʻtarib oʻziga boʻysundirishga harakat qiladi. Albatta, bu harakatni osonlikcha amalga oshirish qiyin. Bunda sportchidan kuchli iroda, jismoniy imkoniyatlari toblanganligi va baquvvatlik talab etiladi. Bahodirlar oʻyini musobaqasi ham polvonlar uchun kuchni namoyish etadigan bahslardan biri hisoblanadi, – deydi podpolkovnik Maʼrufjon Olimov.

Xullas, mardlarning mahoratlari, imkoniyatlari va bilagidagi kuchlari sinovdan oʻtgan musoboqa soʻngida eng munosiblar aniqlandi. Gʻolib va sovrindorlar qimmatbaho sovgʻa bilan taqdirlandi.

Katta leytenant Shohrux Saidov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti