Qoraqalpog‘iston va Xorazmda “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolariga koʻkrak nishonlari topshirildi

0
836

Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi majmuasida Xorazm viloyatining eng faol 12 ta “Vatan tayanchi” otryadlari aʼzolariga ko‘krak nishonlari topshirildi. Tantanali marosimda Xorazm viloyati hokimligi, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari va oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Tantanali marosimdan soʻz olganlar “Vatan tayanchi” harakati yoshlarga oid davlat siyosatining yangicha tizimi ekani va bu harakat yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkilab o‘tdi.

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda Xorazm viloyatida 10 mingdan ortiq yoshlarni birlashtirgan 530 ga yaqin “Vatan tayanchi” otryadlari tashkil etilgan. Unga a’zo bo‘lgan o‘sib kelayotgan yosh avlod Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida tarbiyalanmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo, Beruniy, Toʻrtkoʻl va Ellikqalʼa tumanlaridagi 8 ta “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolariga ham koʻkrak nishonlari topshirish marosimi o‘tkazildi.

El suygan estrada xonandalari va harbiy orkestr ijrosida kuy-qoʻshiqlar, faxriy qorovulning saf elementlaridan iborat koʻrgazmali chiqishlari yuqoridagi tadbirlarga oʻzgacha shukuh bag‘ishladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati