O‘z kasbining fidoyilari taqdirlandi

0
843

Markaziy harbiy okrugda “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan o‘z kasbining fidoyi, zahmatkash, sadoqatli tibbiyot xodimlari uchun tantanali tadbir tashkil etildi.

Unda okrug qoʻmondonligi, keng jamoatchilik vakillari hamda bugungi kunning qahramonlari, yaʼni Samarqand garnizoni harbiy gospitali, harbiy qismlarning tibbiyot punktlaridagi shifokorlar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar harbiy xizmatchilarning salomatligidan boxabar boʻlib, tibbiy yordam koʻrsatish, tegishli tavsiyalarini berish kabi jarayonlarda bir daqiqaga boʻlsa-da masʼuliyat va hushyorlikni yoʻqotmay, bir joni bilan yuzlab ogʻrib turgan jonlarga orom bagʻishlab kelayotgan salomatligimiz elchilarini bayram bilan qutlashdi.

Shundan soʻng, soha vakillariga bayram munosabati bilan Mudofaa vazirligi va okrug qoʻmondonligining faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Shuningdek, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning Termiz garnizonida ham bugungi qutlug‘ sana munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda garnizonda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari qutlanib, eng faol shifokor va hamshiralarga esdalik sovg‘alari topshirildi.