Markaziy harbiy okrugda ayyom shukuhi

0
3504

Uch ming yildan ziyod tarixga ega boʻlgan Navroʻzi olam – sharqona yangi yil oʻzining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ongu tafakkuri, qalbiga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan biz uchun eng qadrli, aziz va suyukli milliy bayramdir.

Ayyom munosabati bilan Markaziy harbiy okrugning barcha garnizonlaridagi harbiy qism va muassasalarda hamda harbiy shaharchalarda inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtibor yaqqol oʻz ifodasini topishini aks ettiradigan, atrof-muhitni, uning neʼmatlarini asrab-avaylash, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga, inson qadrini ulugʻlashga daʼvat etadigan tantanali tadbirlar uyushtirildi.

Navroʻz milliy maʼnaviyatimiz rivojidagi eng muhim shodiyonadir. Bu kunda yurtimizning har bir goʻshasida bahoriy taomlaru, turli milliy oʻyinlar tashkil etiladi. Xususan, okrug hududida nishonlangan bayram shodiyonlarida milliy taomlarimizdan sumalak, halim, koʻksomsa, koʻkchuchvara, palovxontoʻra kabi toamlar borasida oʻtkazilgan turli koʻrik-tanlovlar bayram dasturxonining bezagiga aylandi.

Shuningdek, ushbu ayyom munosabati bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirokida kitob yarmarkalari, milliy sport oʻyinlari oʻtkazildi.

Umumxalq bayramida yurt oʻgʻlonlari xalqning xizmatida kamarbasta boʻlib koʻksini qalqon qilgan safdoshlarimizni xotirlash, oʻtganlarni yod etish, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish turmush tarzimizning ajralmas qismiga aylanishi lozimligini ushbu kunda namoyon etib, xizmat burchini bajarish chogʻida xalok boʻlgan bir guruh harbiy xizmatchilarning xonadonlarida boʻlib, ularning oila aʼzolariga bayram sovgʻalarini ulashishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati