Ilk ofitserlik unvoni muborak

0
8387

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti ofitserlar tayyorlash kursining navbatdagi bitiruvchilari qoʻshinlarga yoʻl oldi.

Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining serjantlar tarkibida kontrakt asosida xizmat qilayotgan oliy maʼlumotli harbiy xizmatchilarining bitiruvi va ularga ilk ofitserlik unvoni topshirilishiga bagʻishlangan tantanali marosim poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” majmuasida boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi masʼullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari, yaqinlari ishtirok etdi.

Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev bitiruvchilarni qutlar ekan, Vatanimizning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini himoya qilishda ularga bukilmas iroda, muvaffaqiyat tiladi. Milliy armiyamizning jangovar tayyorgarlik darajasi, mamlakatimiz xavfsizligiga raxna soladigan har qanday tahdidlarga qarshi tura olish qudrati uning zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan qanchalik taʼminlanganidan tashqari bevosita uning tarkibida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning yuqori bilim va tajribasiga ham bogʻliqligini alohida taʼkidladi.

Shundan soʻng Mudofaa vaziri va Favqulodda vaziyatlar vazirining tegishli buyruqlari oʻqib eshittirildi, bitiruvchilarga birma-bir, qarsaklar ostida sertifikat va “leytenant” harbiy unvoni topshirildi.

Bitiruvchilar belgilangan muddat davomida zamon talablari va standartlari asosida ishlab chiqilgan oʻquv dasturi boʻyicha eng ilgʻor pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, modellashtirish va simulyatsiya vositalaridan foydalangan holda qoʻshinlarni boshqarish, murakkab qurol-aslaha va harbiy texnikani qoʻllash kabi bir necha yoʻnalishda saboq oldilar.

Lentenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti