Jizzax garnizonidagi harbiy qismda keng jamoatchilik vakillari mehmon boʻlishdi

0
5711

Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, Oʻzbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev hamrohligida Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi bir guruh nuroniy otaxonu-onaxonlar, senator va deputatlar hamda oʻquvchi yoshlar Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda mehmon boʻlishdi.

Dastlab mehmonlar harbiy qism boʻylab sayohat qilib, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi va bugungi zamonaviy milliy armiyamizning qudratiga guvoh boʻlishdi.

Quvonarlisi, faxriylarimiz harbiy xizmatchilarning jangovar oʻquv mashgʻulotlarini kuzatish bilan birga oʻzlari ham bevosita mashgʻulotda ishtirok etishdi.

Harbiy qism faoliyati bilan tanishish davomida jamoatchilik vakillari mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, mudofaa tizimidagi islohotlar, ayniqsa, oxirgi besh yillikda mamlakat taraqqiyoti, xalq manfaati yoʻlida amalga oshirilgan ijobiy oʻzgarishlar va erishilgan yutuqlar nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanayotganini alohida eʼtirof etishdi.

Shuningdek, bugungi kunda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yurt koriga kamarbasta boʻlish kabi hislarni shakllantirishdek eng ustuvor yoʻnalishda milliy armiyamizning oʻrni beqiyos ekanligini taʼkidlashdi.

Shu kuni mehmonlar uchun harbiy xizmatchilar hamda sanʼatkorlar  ishtirokida qoʻl jangi sahnalari, ona Vatanni, tinchlikni ulugʻlashga yoʻgʻrilgan goʻzal kuy-qoʻshiqlar ham namoyish etildi. 

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati