Rasmiy axborot

1

Oldin xabar berilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining farmoyishiga binoan 26-noyabr erta tongda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar shayligini tekshirish uchun boshlangan keng koʻlamli oʻquv mashgʻulotlari besh kun davomida oʻtkazildi. Tekshiruv davomida qoʻshinlar mamlakatimizdagi sakkizta dala oʻquv maydonlarida amaliy mashqlar bajardi.

Bugun, 30-noyabr kuni vazirlik qoʻshinlari yuqori jangovar shayligini tekshirishning kompleks tadbirlari yakunlandi.

Ogʻir yuk mashinalari va jangovar texnikalardan iborat kolonnalarning harbiy qism hududlariga avtomobil yoʻllari orqali qaytarilishi munosabati bilan, shuningdek, koʻngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mamlakatimiz fuqarolaridan harakatlanuvchi kolonnalarga xalaqit bermaslikni, yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya etish va yoʻl-patrul xizmati xodimlarining talablarini soʻzsiz bajarishni soʻraydi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati