Qurolli Kuchlarning tarkibi va vazifalari

O‘zbekiston Respublikasi amalda o‘zining zamonaviy, ixcham, harakatchan va yaxshi qurollangan, mamlakatimiz xavfsizligi, barqarorligi, sarhadlarimizning daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyasiga ega. Qurolli Kuchlar asosan Quruqlikdagi qo‘shinlar, Harbiy havo kuchlari va havo hujumidan mudofaa ko‘shinlari, Maxsus operatsiya kuchlari hamda Terrorizmga qarshi kurashish bo‘linmasidan iboratdir.

Quruqlikdagi qo‘shinlar dushman qo‘shinlarining har qanday turdagi zarbalarni bartaraf etib, ularni yakson qilish, dushmanning muntazam qo‘shinlarini tor-mor etishga qaratilgan jangovar va maxsus operatsiyalarni olib borish uchun mo‘ljallangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil
23 yanvardagi qarori bilan Milliy gvardiyaga asos solindi. Milliy gvardiyaning asosiy vazifasi – O‘zbekiston Respublikasining davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishdir. Gvardiya tarkibi fuqarolarni harbiy xizmatga majburiy va ko‘ngilli ravishda chaqirish orqali tashkil etildi. Gvardiya zimmasiga bir qancha o‘ziga xos vazifalar, jumladan, davlat hokimiyatining oliy organlarini qo‘riqlash, jamoat tartibini ta’minlashda ishtirok etish, chet davlatlarning rasmiy vakillarini tantanali kutib olish, davlat miqyosidagi marosimlarda ishtirok etish yuklangan. Shu maqsadda gvardiya tarkibida faxriy qorovul rotasi tuzildi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat chegaralarining himoyasini ta’minlash maqsadida Prezident I.Karimovning 1992 yil 24 martdagi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari boshqarmasi tashkil etildi. Mamlakatimiz hududida joylashgan chegara qo‘shinlarining barcha harbiy qism va bo‘linmalari uning tasarrufiga o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida 2005 yil
14 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida tashkil etilgan Terrorizmga qarshi kurashish korpusi Respublika Qurolli Kuchlarining operativ birlashmasi bo‘lib, mamlakat hududida qurolli tahdid, terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish vazifalarini samarali hal etishga mo‘ljallangan.

Harbiy havo kuchlari va havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari. Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari respublikaning ma’muriy-siyosiy, iqtisodiy-sanoat markazlari, qo‘shinlar turkumlarini, shuningdek muhim harbiy va boshqa obyektlarni dushmanning havo zarbasidan himoya etishga mo‘ljallangan. Ularning asosiy vazifasi dushman tomonidan havo hujumi boshlanganligini aniqlash, bu haqda xabar berish hamda dushmanning havodagi uchish apparatlarini yo‘q qilishdan iborat. Ushbu vazifalarni bajarish maqsadida havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarida tinchlik davrida jangovar navbatchilik joriy etilgan. Urush davrida esa quruqliqdagi qo‘shinlarning havo hujumidan mudofaa vositalari va harbiy havo kuchlari bilan birgalikda havo hujumidan mudofaaning birlashgan tizimini tashkil etadi. Samolyot va vertolyotlarga ega zamonaviy qurol-aslaha, navigatsiya vositalari va radioelektron qurilmalar bilan ta’minlangan harbiy havo kuchlari va havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari davlatimizning havo chegaralari ishonchli himoya qilinishini ta’minlamoqda.

Yuqorida qayd etilgan ko‘shin turlaridan tashqari barcha harbiy okruglarda har qanday vaziyatda ham terrorchilarni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan nostandart qarorlar qabul qilishga, xavf-xatarlar bilan kechadigan maxsus operatsiyalarni amalga oshirishga qodir, nisbatan kam son- li, o‘z-o‘zini ta’minlay oladigan, tezkor va harakatchan, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlangan bo‘linmalar tuzilgan.

Yuqorida qayd etilgan Qurolli Kuchlar turlarining samarali faoliyatini ta’minlash uchun texnik va front orti ta’minoti bo‘linmalari hamda harbiy qismlari tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini qo‘riqlash va mudofaa qilishni ta’minlash maqsadida tuzilgan Milliy xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari alohida mustaqil qo‘shin hisoblanadi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining qo‘shin tuzilmalari O‘zbekiston Respublikasi davlat manfaatlari va xavfsizligini himoya qilish va qo‘riqlash bo‘yicha maxsus va qo‘shimcha vazifalarni hal etishga jalb etiladi.

Tinchlik davrida Qurolli Kuchlar O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligi va xavfsizligini ta’minlaydi, xavfsizlikka tahdidni bartaraf qilish vositalaridan biri hisoblanadi, urush davrida esa Qurolli Kuchlar davlat xavfsizligi va suverinitetini himoya qilish vazifalarini to‘la bajarishga qodir.

O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki yillarida mahalliy kadrlar nihoyatda tanqis edi. 1990 yilda mahalliy ofitserlar harbiy kadrlarning atigi 0,6 foizini tashkil etar edi. Bu esa o‘z navbatida mamlakatda harbiy ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, isloh qilish va rivojlantirishni taqozo etardi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining shakllanishi ana shunday keskin sharoitlarga to‘g‘ri keldi.

Shu holatlarni nazarda tutib, mamlakatda harbiy kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratildi. Ilgari tor mutaxassislarni tayyorlovchi bilim yurtlari keng qamrovli mutaxassislar tayyorlaydigan bilim yurtlariga aylantirildi, yangi bilim yurtlar ochildi, fuqarolik oliy o‘quv muassasalari harbiy kafedralarida zaxira ofitserlari mutaxassisliklari ro‘yxati qayta ko‘rib chiqildi.

Mustaqillik yillarida Hukumat tomonidan qabul qilingan qarorlar mamlakat yoshlari orasida harbiy xizmat nufuzini oshirdi. Bularning barchasi amalda Qurolli Kuchlarning O‘zbekiston Respublikasida tug‘ilgan mahalliy harbiy kadrlar bilan ta’minlashga imkon yaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan qo‘shilma va harbiy qismlar O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga o‘tgan davrda mahalliy harbiylar 30 foizdan oshmas edi, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tarkibini 100 foiz mahalliy kadrlar tashkil etadi.

Harbiy kadrlarni tayyorlash masalalari. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida harbiy kadrlarni tayyorlashning keng qamrovli tizimi tashkil etildi. Operativ-taktik bo‘g‘in ofitserlarini tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi tashkil etildi. Taktik bo‘g‘in ofitserlarini tayyorlash Toshkent umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik – muhandislik bilim yurti, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi Maxsus fakultetida amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

1994 yil 15 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimovning tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi tashkil etilgan bo‘lib, o‘z faoliyatini 1995 yil 2 sentyabrdan boshladi. Uning faoliyati mamlakatda oliy harbiy ma’lumotli operativ-taktik pog‘onaga mansub ofitser kadrlarni hamda harbiy fanlar sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradigan ilmiy-pedagog xodimlarni tayyorlashga qaratilgan. Shu bilan birga, Akademiya zimmasiga Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirishning dolzarb muammolarini hal etishga qaratilgan samarali ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, harbiy va mudofaa qurilishi bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni chuqur o‘rganib, harbiy boshqaruv organlari faoliyatida va harbiy, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashda ushbu tajribalardan samarali foydalanishga oid takliflarni ishlab chiqish, oliy qo‘mondonlik tarkibi, qo‘shilma va birlashmalar boshqaruv tizimiga mansub ofitserlarning malakasini oshirishni tashkil etish kabi vazifalar ham yuklangan.

Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti. Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti (TOUQBYU) 1918 yil 12 iyulda Toshkent shahrida tashkil etildi. 1993 yil O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ko‘rsatmasiga muvofiq bilim yurtining shtat tuzilmasi takomillashtirilib, ko‘p sohali dastur bo‘yicha ofitser kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bilim yurtida motoo‘qchi, razvedka va chegara bo‘linmalari uchun bo‘lajak ofitser mutaxassislar, tarbiya ishlari bo‘yicha komandir o‘rinbosarlarini tayyorlash boshlandi.

1992-2009 yillarda bilim yurtida to‘rt ming nafardan ortiq ofitser kadrlar tayyorlandi. 256 nafar bitiruvchi bilim yurtini a’lo baholarga tamomladi, ofitser va serjantlar tarkibining shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan 17 nafar harbiy xizmatchilar, kursantlar, xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti. Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti 1918 yilning 16 noyabrida Nijniy Novgorod shahrida tashkil etilgan. 1941 yilning 1 noyabrida bilim yurti Chirchiq shahriga ko‘chirildi va unga 1947 yilda Toshkent tankchilar bilim yurti nomi berildi. 1992 yil 14 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv yurtlari to‘grisida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarori bilan yurtimiz hududida mavjud harbiy qism va muassasalar qatorida Toshkent tankchilar bilim yurti ham O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazildi. Shu davrdan boshlab bilim yurtining hayotida yangi tarixiy sahifalar ochildi. 1993 yilda bilim yurtiga Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti nomi berildi.

Mustaqillik yillarida bilim yurti bir qancha ixtisosliklarga mansub ofitser kadrlarni tayyorlaydigan oliy harbiy bilim maskaniga aylandi va bugungi kunda tankchi-komandir, tankchi-muhandis, havo-desant qo‘shinlari bo‘linmasi komandiri, havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari bo‘linmasi komandiri, havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari bo‘linmasi muhandisi kabi mutaxassisliklari bo‘yicha ofitser kadrlarni tayyorlaydi.

Bilim yurtida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bo‘lajak komandirlarga jangni zamon talablariga mos ravishda tashkil etish, jangovar ta’minotni amalga oshirish, bo‘ysunuvchi bo‘linma jangini mohirona boshqarishga oid nazariy va amaliy bilimlarni beradilar. Mashg‘ulotlar maxsus jihozlangan sinflar va dala o‘quv maydonlarida o‘tkaziladi. Shuningdek, bilim yurtida kursantlar turli qurol-yarog‘larning tuzilishi o‘rgatilib, ulardan nishonga qarata aniq o‘t ochish ko‘nikmalari shakllantiradilar. Amaliy mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan, zamon standartlari va talablariga mos ravishda jihozlangan o‘t ochish maydonlari tashkil etilgan.

Samarqand oliy xarbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti. Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining tarixi 1969 yilning 20 oktyabridan boshlangan. Bilim yurtiga 1991 yil may oyida respublika Prezidenti Islom Karimovning tashrifi va yurtimizning mustaqillikka erishishi ushbu maskan tarixida yangi sahifani ochdi. 1992 yilning 12 sentyabrida birinchi kurs kursantlari o‘z mustaqil Vatani va Prezidentiga sadoqat bilan xizmat qilishga tantanali ravishda Harbiy qasamyod qabul qildilar.

Hozirgi kunda bilim yurtida Qurolli Kuchlar uchun avtomobil bo‘linmalari, muhandisligi taktik-qo‘mondonligi, artilleriya taktik-qo‘mondonligi, kimyoviy qo‘shinlar taktik-qo‘mondonligi, muhandislik qo‘shinlari taktik-qo‘mondonligi, raketa-artilleriya o‘q-dorilari va qurollari taktik muhandisligi, front orti ta’minoti taktik-qo‘mondonligi (kiyim-kechak ta’minoti, oziq-ovqat ta’minoti, yoqilg‘i-moy mahsulotlari ta’minoti) bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 20 iyundagi Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining 1994 yil 9 iyuldagi buyrug‘i, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy havo kuchlari qo‘mondonining 1994 yil 1 avgustdagi farmoyishiga asosan tashkil etilgan. Bilim yurtida vertolyot aviatsiyasining qo‘mondonlik-taktik mutaxassisligi bo‘yicha uchuvchi-muhandislar, jangovar boshqaruv ofitserlari, shturmanlar, samolyot va dvigatellar bo‘yicha muhandis-texniklar, aviatsiya qurollari bo‘yicha muhandis-texniklar, aviatsiya jihozlari bo‘yicha muhandis-texniklar, radioelektronika jihozlari bo‘yicha muhandis-texniklar ixtisosliklari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

1997 yilning oktyabr oyida bilim yurtini uchuvchilik va muhandis-texnik mutaxassisliklari bo‘yicha 97 nafar yosh ofitser birinchi qaldirg‘ochlar sifatida tamomladilar. Bilim yurti o‘z faoliyati davomida 1 500 nafardan ortiq aviatsiya mutaxassislarini yetishtirdi. Ular hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qism va bo‘linmalarida turli lavozimlarda Vatanni himoya qilishdek oliyjanob va mas’uliyatli vazifalarni a’lo darajada bajarib kelmoqda.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi maxsus fakulteti

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 13 maydagi qaroriga asosan tashkil topgan bo‘lib, Qurolli Kuchlari safiga ofitser kadrlarni tayyorlab beradigan oliy harbiy bilim yurti hisoblanadi. Fakultetda o‘quv jarayoni “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalari nizomi”ga mos holda telekommunikatsiya va radiotexnika ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha davlat ta’lim standartlari asosida tashkil etilgan.

Bo‘ysunuvchi bo‘linmalarni boshqarishga qodir tashkilotchilik va ishchanlik ko‘nikmalari rivojlangan, mustaqil O‘zbekistonning milliy g‘oya va mafkurasiga sodiq, dunyoqarashi keng, intellektual salohiyatli, yetakchilik sifati, ona Vatani va Qurolli Kuchlaridan faxrlanish tuyg‘usiga ega yosh ofitser kadrlarni tayyorlash bilim yurtining asosiy vazifasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil
10 iyundagi Qaroriga asosan Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida harbiy tibbiyot fakulteti tashkil etildi. Shu orqali mamlakatimizda harbiy kadrlar tayyorlashning ko‘p tarmoqli tizimi barpo etildi.

Serjantlar tayyorlash maktablari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil
26 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi serjantlar tarkibini tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida bosqichma-bosqich to‘rtta serjantlar tayyorlash maktabi tashkil qilindi. Harbiy okrug serjantlar tayyorlash maktablari Markaziy va Toshkent harbiy okruglarida, Janubi-g‘arbiy maxsus va Sharqiy harbiy okruglarda tashkil etilgan.

2007 yilda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida beshinchi serjantlar tayyorlash maktabi ochildi.

Serjantlar tayyorlash maktablarini joylashtirish uchun: Markaziy harbiy okrugda – Samarqand shahri, Toshkent harbiy okrugida – Chirchiq shahri, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugda – Qarshi shahri, Sharqiy harbiy okrugda – Namangan viloyatining Chortoq aholi punkti, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi Urganch shahrida tashkil etildi.

Serjantlar tayyorlash maktabining o‘quv dasturi harbiy xizmatchilarga dastlabki taktik bo‘linmalarni boshqarish asoslari, harbiy hisobdagi ixtisoslikka oid kasbiy komandirlik mahoratlari, vaziyatga to‘g‘ri baho berib sharoitga monand qaror qabul qilish, qurol-aslaha va harbiy texnikaning qo‘llanishini tashkillashtirish usullarini o‘rgatishga yo‘naltirilgan.

Serjantlar tayyorlash maktablarida joriy etilgan ta’lim-tarbiya jarayonining asosiy yo‘nalishlari jumlasiga davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatning dolzarb muammolariga oid umumiy bilimlar, mamlakatimizda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi yangilanishlar, menedjment, bozor iqtisodiyoti asoslari, tadbirkorlik, kichik biznes, fermer ho‘jaligini rivojlantirish kabi davlat va ijtimoiy qurilishning dolzarb masalalariga oid umumiy bilim va tushunchalar berish kiradi.

Ta’lim dasturi serjantlarning yetakchilik sifatlarini rivojlantirish, harbiy bo‘linmalardagi sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni saqlash va pedagogik ko‘nikmalarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan.

Serjantlar tayyorlash maktablarida o‘quv dasturiga muvofiq Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Serjantlar tayyorlash maktabida – 20 ta ixtisoslik, Markaziy harbiy okrug Serjantlar tayerlash maktabida – 16 ta ixtisoslik, Sharqiy harbiy okrugning Serjantlar tayyorlash maktabida –
15 ta ixtisoslik, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning Serjantlar tayyorlash maktabida – 12 ta ixtisoslik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 31 oktyabrdagi Qaroriga asosan oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiruvchi harbiy xizmat davrida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan, muddatli harbiy xizmatni tamomlab, belgilangan shakldagi tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolarga test sinovlarida to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 25 foizi miqdorida qo‘shimcha imtiyoz beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil
12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlarining maqomi to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan 5 yil davomida serjantlar tarkibi lavozimlarida benuqson xizmat qilgan harbiy xizmatchilarga test sinovlarida to‘planishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 20 foizi miqdorida qo‘shimcha imtiyoz beriladi hamda “Eng ilg‘or serjant” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlov (konkurs) dan tashqari qabul qilinishi huquqiga ega bo‘ladi.