Qurolli Kuchlar tashkiliy-shtat tizimidagi o‘zgarishlar

Qurolli Kuchlar boshqaruvining yagona tizimini shakllantirish, mamlakatning hududiy yaxlitligi va xavfsizligini, qo‘shin turlarining o‘zaro aloqasini ta’minlash hamda ulardan samarali foydalanish uchun Qurolli Kuchlarning Bosh shtabini Birlashgan shtabga aylantirish zaruriyati yuzaga keldi. 2000 yil 29 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlarning Birlashgan shtabi tashkil etildi. Mazkur farmon asosida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Birlashgan shtabi O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini qurolli himoyasi bo‘yicha qarorlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha yagona tashkilot vakolatini oldi.

Qurolli Kuchlar faoliyatidagi muhim masalalardan biri – bu yoshlarni harbiy xizmatga jalb etish masalasi bo‘lib, bu borada ham yangi tartiblar ishlab chiqildi va amalga kiritildi. Ma’lumki, mustaqillikka qadar, ya’ni sovet davrida O‘zbekistondan chaqirilgan yigitlar, odatda, eksteritorial tamoyilga asosan respublika hududidan olisda, shu jumladan, ittifoq chegarasidan tashqarida harbiy xizmat o‘tar edilar.

Qurolli Kuchlarni qayta qurish uch bosqichda amalga oshirish rejalashtirildi. Birinchi davrda (1992-1993 yy.) katta o‘zgarishlar kiritish ko‘zda tutilmagan. Kerakli texnika va qurol-yarog‘larga ega bo‘lgan quruqlikdagi qo‘shinlarning boshqaruv organlari joriy etildi. Ikkinchi davr (1994-1996 yy.) davomida polklarni brigadalarga aylantirish amalga oshirildi hamda maxsus qo‘shin turlari, qismlari va birlashmalari qayta tashkil etildi. Ular uchun oz miqdordagi mablag‘ talab qiluvchi qurol-yarog‘ va texnika sotib olindi.

Uchinchi bosqichda (1997-2000 yy.) yangi birlashmalar va qismlar tashkil etildi, ancha miqdorda mablag‘ talab qiluvchi qurol-yarog‘ va texnika sotib olindi, shuningdek Qurolli Kuchlar tarkibiga aniqliklar kiritildi.

Birinchi davr

1992 yil 3 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti “Mudofaa to‘g‘risida”, “Umumharbiy majburiyatlar va harbiy xizmat to‘g‘risida”, “Muqobil xizmat to‘g‘risida” qonunlar, “Harbiy qasamyod to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Mudofaa ishlari vazirligini O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga aylantirish to‘g‘risidagi qarorini tasdiqladi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida harbiy islohotlarning birinchi davrida armiyaning tashkiliy-shtat tizimini takomillashtirish harbiy qismlar va harbiy bilim yurtlarini qayta qurish ishlari amalga oshirildi, shaxsiy tarkibni o‘rgatish va tarbiyalashning yangicha tizimi yaratildi. 1992 yil 23 yanvarda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Milliy gvardiya tashkil etildi.

O‘tmish ajdodlarimizning eng avvalo, jahon tarixidagi buyuk sarkarda va davlat arboblaridan biri Amir Temurning ma’naviy madaniyati merosi hayotga ko‘tarib chiqarildi. Bu davrda Qurolli Kuchlar – Quruqlikdagi qo‘shinlardan, Harbiy havo kuchlaridan, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlaridan, Maxsus qo‘shinlardan, Milliy gvardiya va Muhandis-quruvchi qo‘shinlardan tashkil topgan edi.

1993 yil oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan 105- havo-desant diviziyasi negizida 2- harakatchan kuchlari armiya korpusi tashkil topdi, 59- armiya korpusi o‘rniga 1- armiya korpusi tashkil topdi. Harbiy xizmatchilarni harbiy intizomiga, vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishiga katta e’tibor qaratildi. Shu munosobat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil
23 sentyabrdagi 445 – sonli qarori bilan “Qurolli Kuchlarda harbiy intizomni mustahkamlash va tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish to‘g‘risida” hamda “Harbiy qismning Jangovar Bayrog‘i to‘g‘risida”gi qaror va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining qarori bilan 14 yanvar “Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi.

Ikkinchi davr

1994 yil yanvarida 108 – motoo‘qchilar diviziyasi tarqatib yuborildi, uning harbiy qismlari 1 – armiya korpusi safiga kiritildi. Tarqatib yuborilgan polklar o‘rniga motoo‘qchilar, tog‘ o‘qchilari, tank, zenit artilleriyasi brigadalari tashkil topdi. 1994 yil aprel oyida respublikaning viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Toshkent shahrida mudofaa ishlari boshqarmalari, shahar va tumanlarda esa mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlari joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati harbiy xizmatchilarga g‘amxo‘rlik qilishda davom etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi “Muddatli harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. O‘zbekiston Respublikasining “Mustaqillik”, “Do‘stlik” ordenlarini, hamda “Jasorat” va “Shuhrat” medallarini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonunlari qabul qilindi.

Respublikada milliy, yuqori saviyali ofitser kadrlarini tayyorlashga muhim ahamiyat berildi. 1994 yil sentyabr oyida Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi yaratildi. Harbiy qismlarga yangi namunadagi Jangovar Bayroqlarni tantanali ravishda keng ommani jalb etib topshirish, har bir harbiy jamoa uchun muhim voqea bo‘ldi.

1995 yilda O‘zbekiston harbiylari birinchi marta AQSHning Luiziana shtatida o‘tkazilgan xalqaro tinchlikni saqlash “Xalqaro birdamlik – 95” mashqlarida qatnashdi. Bizning harbiylarimiz MDH davlatlari harbiy xizmatchilari bilan birgalikda Tojikiston hududidagi fuqarolar urushi alangasini o‘chirishda faol ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo davlatlaridagi murakkab harbiy-siyosiy vaziyatni hisobga olib, O‘zbekiston mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratdi. Bu muammoni hal etishda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston va Tojikiston o‘rtasida harbiy hamkorlikning mustahkamlanishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu bilan birga 1995 yil 15 dekabrda Jambulda uchta davlat rahbarlari bilan uchrashuvida Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash masalalari chuqur ko‘rib chiqildi, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlarining BMT bayrog‘i ostida tinchlikni ta’minlash batalonlarini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi.

1996 yil 26 aprelida O‘zbekiston Respublikasining “Amir Temur” ordenini ta’sis etish to‘g‘risidagi Qonuni qabul qilindi, bu orden bilan bugungi kunda buyuk shaxslar, jumladan, harbiy san’at rivojiga hissa qo‘shgan kishilar taqdirlanadilar.

Qurolli Kuchlar hayotida muhim voqealardan biri 1996 yil
9 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan Ichki xizmat nizomini, Intizom nizomini, Qorovul va garnizon xizmati nizomlarining qabul qilinishi bo‘ldi. Saf nizomi O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug‘i bilan 1996 yil 14 oktyabrda harakatga kiritildi. Ushbu nizomlarni ishlab chiqish jarayonida nafaqat harbiy qurilishda to‘plangan tajribalar, balki shaxsiy tarkibning milliy xususiyati, o‘zbek xalqining mentaliteti hisobga olindi. Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi yuksak obro‘-e’tibor kasb eta boshladi, uning tinglovchilari qo‘shinlardagi amaliy malaka oshirishlarda o‘zlarini eng yaxshi tomondan ko‘rsatdilar.

Uchinchi davr

1997 yil ko‘pgina muhim voqealarga boy bo‘ldi. Qurolli Kuchlari Akademiyasi va harbiy bilim yurtlarda artilleriyachi, desantchi, zenitchi, harbiy uchuvchilar va muhandis-texnik ofitserlar, aerodrom va front orti ofitserlari, shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha komandir o‘rinbosarlari mutaxasisliklari bo‘yicha birinchi bitiruvchilar tayyorlandi. Xalqaro vaziyatning murakkabligini e’tiborga olib, xalqaro terrorchilar harakatlarini bartaraf etish maqsadida maxsus operatsiya batalonlari tashkil etildi. O‘zbekistonning xalqaro harbiy hamkorlikdagi yangi bosqichi “Sentrazbat-97”, “Sentrazbat-98” mashqlarining Chirchiq poligonida o‘tkazilishi bo‘ldi. Birinchi marta bizning ofitserlarimiz o‘quv nuqtalarida AQSH, Rossiya, Turkiya va boshqa davlat harbiylarining o‘rgatish ishlarini olib borishdi. Shu yili Toshkent OUQBYU, Chirchiq OTQMBYU va Samarqand OAQMBYU terma vzvodlari Norvegiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro mashqlarda ishtirok etishdi.

1998 yil avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi milliy xavfsizlik kengashi majlisida Mudofaa vazirligi Bosh shtabini Qurolli Kuchlar Bosh shtabiga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Uning maqsadi harbiy qurilishning yaxlitligi va boshqaruv tizimining samaradorligini oshirish, mudofaani rejalashtirish, Mudofaa vazirligi, chegara va ichki qo‘shinlari hamda boshqa vazirliklardagi harbiy bo‘linmalarining harakatlarining hamkorligini takomillashtirish va muvofiqlashtirishdan iborat.

1998 yilda qo‘shinlarning qayta tashkil etilganligi bois Qurolli Kuchlarda islohotlarning navbatdagi bosqichi boshlandi.