Quriqlikdagi Qo‘shinlar va Maxsus Qo‘shinlar

Quruqlikdagi qo‘shinlar. Quruqlikdagi qo‘shinlar Qurolli Kuchlarning asosini tashkil etadi. Qurolli Kuchlarning eng ko‘p sonli turi bo‘lib, quruqlikdagi qo‘shinlar boshqa qo‘shin turlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonga qarshi har qanday tajavuzni bartaraf etish vazifasini bajaradi.

Uning jangovar safi quyidagilardan iborat:

motoo‘qchilar bo‘linmalari;

tank va artilleriya bo‘linmalari;

havo-desant bo‘linmalari;

havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari.

Motoo‘qchilar bo‘linmalari – quruqlikdagi qo‘shinlarning asosini tashkil etadi, qurollanishida BMP-2 (PJM-2), BTR-80 dek zamonaviy texnika va qurollarga, katta moddiy vositalar zaxiralariga ega bo‘lib, har qanday ob-havo va har qanday joylarda turli jangovar vazifalarni yechishga qodirdir.

Ular quruqlikdagi va havodagi dushman obyektlarini tor-mor etish uchun tanklar, artilleriya va minomyotlar, tankka qarshi boshqariluvchi raketalar, zenit komplekslari va qurilmalari, samarali razvedka va boshqarish vositalari bilan jihozlangan.

Bular quruqlikdagi qo‘shinlarga egallangan marralarni ishonchli ushlab turishni, zaruriy hollarda uzoq vaqtli jangovar harakatlarni yuqori suratda olib borishni, dushmanning har qanday qarshiligini qat’iyat bilan qaytarishni taqozo etadi.

Motoo‘qchilar front bo‘ylab va front chuqurligidan jadal manyovrlar qilishga, katta tezlikda dushmanning jonli kuchlari va texnikasini ta’qib etishga va tor-mor etishga qodirdir.

Motoo‘qchilar qo‘shinlarining asosini motoo‘qchilar birlashmalari va bo‘linmalari tashkil etadi.

Tank bo‘linmalari – quruqlikdagi qo‘shinlarning bosh zarbdor kuchi va qurolli kurashning qudratli vositasi bo‘lib, zamonaviy jang sharoitlarida o‘ta muhim jangovar vazifalarni bajarish uchun belgilangan.

Tankchilarimizning qurollanishida turgan yuqori jangovar xususiyatga ega ishonchli zamonaviy zirhli himoya tanklari, tog‘ – cho‘l sharoitlarida katta masofalarni bosib o‘tishga qodir.

Artilleriya bo‘linmalari – bosh zarba berish qudrati va jangovar vazifalarni bajarishda muhim operativ-taktik vosita. Artilleriyaning vazifasi – dushmanning yadro va kimyoviy vositalarini yo‘q qilish va bostirish, uning piyodalar jangovar mashinalari, artilleriyasi, tanklari va boshqa zarba berish vositalari, jonli kuchi, havo hujumidan mudofaa va radioelektron vositalari, fortifikatsiya inshootlarini taktik va yaqindagi operativ sarhadlarida tor-mor etishdan iborat. Bundan tashqari artilleriya bo‘linmalari masofadan turib minalashtirish va joyni yoritish vazifasini ham bajaradi. Artilleriya-gaubitsa, pushka, reaktiv, tankka qarshi artilleriya, minomyotlar, tankka qarshi boshqariluvchi raketalar, birlashmalari va bo‘linmalaridan hamda artilleriya razvedka bo‘linmalaridan tashkil topgan.

Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari – dushmanning havodagi obyektlarini yo‘q qilishda asosiy vosita hisoblanadi. Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarining vazifalari–dushmanning samolyotlari, vertolyotlari, qanotli raketalari va boshqa havodagi obyektlarini yo‘q qilish, uning havodan beriladigan zarbasini qaytarish va o‘z qo‘shin tuzilmalari, boshqaruv punktlari, aerodromlari va boshqa muhim obyektlarni jangning barcha turlarida hamda harakatlanish mobaynida va joylashgan joyida himoya qilish.

Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari – zenit, raketa, zenit-raketa-artilleriya, zenit artilleriyasi, zenit-raketa texnik bo‘linmalaridan tashkil topgan.

Havo desant bo‘linmalari – harakatchan kuchlarning asosini tashkil etib, ularning roli hozirgi sharoitda ancha oshdi. Desant jangovar mashinalari, o‘ziyurar artilleriya qurilmalari, zirhli transportyorlari, yuqori samarali tankka qarshi va zenit vositalari, stvolli va reaktiv artilleriyasi, qudratli avtomatik qurollari, zamonaviy aloqa va boshqaruv apparaturalari bilan qurollangan o‘zbekistonlik desantchilar armiyamizning eng yuqori tayyorlangan qismi bo‘lib hisoblanadi.

Zamonaviy harbiy–transport samolyotlari yordamida ular dushmanning yaqin va olis ichki sarhadlariga tushurilishi va mustaqil holda yoki boshqa bo‘linmalar bilan hamkorlikda oldilariga qo‘yilgan jangovar vazifani bajarishga qodirlar.