Maxsus qo‘shinlar

Maxsus qo‘shinlar o‘ziga jangovar, texnik, front orti ta’minoti bo‘linmalarini biriktirgan bo‘lib, yuqori jangovar tayyorgarlikni va davlat mudofaa qobiliyatini qo‘llab – quvvatlashda o‘zlarining katta hissalarini qo‘shmoqdalar.

Razvedka bo‘linmalarining vazifalari dushmanni va jangovar harakatlar olib borilayotgan joylarda razvedka olib borish hamda boshqa maxsus vazifalarni bajarish. Ular o‘z vazifalarini mustaqil holda yoki birlashmalar bilan birgalikda bajaradilar, ularning harakatlarini muhandis qo‘shinlari ta’minlab turadi.

Muhandislik qo‘shinlari – muhandis – sapyor, ponton-ko‘prik, muhandis – yo‘l, to‘siqlarni o‘rnatish va yo‘q qilish bo‘linmalaridan tashkil topgan. Ularning vazifalari hamma qo‘shin turlarining jangovar harakatlarini muhandislik nuqtai nazaridan ta’minlashdan iborat.

Kimyoviy himoya bo‘linmalariga Qurolli Kuchlarda katta e’tibor qaratilgan. Ularning vazifalari bo‘linmalar jangovar harakatlarini ta’minlash hamda dushmanga yondiruvchi qurollar bilan talofatlar yetkazishdan iborat. Ularning vazifalariga quyidagilar kiradi:

kutilayotgan harakatlar chiziqlari, harakatlanish yo‘nalishlari, tizilish marralari va ikkinchi eshelonda qayta hujum yo‘nalishlarida radiatsion va bakteriologik razvedka olib borish;

shaxsiy tarkib va jangovar texnika, transport va kiyim – kechaklarni dushman yadro, bakteriologik va kimyoviy qurollarni qo‘llaganda dozimetrik nazorat va sanitar ishlov berish.

Harbiy aloqa – qo‘shinlar va qurol boshqarish tizimida ma’lumot almashish uchun belgilangan.

Ularning vazifalari

  • yuqorida turgan shtab bilan barqaror aloqani ta’minlash va o‘z vaqtida jangovar boshqaruv signallarini qabul qilish;
  • vaziyatning har qanday sharoitida bo‘ysunuvchi qo‘shinlarni boshqarishni ta’minlash;
  • qo‘shinlarga dushman tomonidan yadro quroli qo‘llanilishining xavfi, havodan kelayotgan dushman, radioaktiv, bakteriologik, kimyoviy zaralanish haqida ma’lumotni yetkazish;
  • o‘zaro hamkorlik qilayotgan bo‘linmalar o‘rtasida aloqani ta’minlash;
  • qo‘shinlarni jangovar harakatlarini front orti ta’minoti va maxsus-texnik ta’minotlari bo‘yicha buyruqlarini yetkazish.

Davlatning mudofaa salohiyatini mustahkamlash, uning xavfsizligini va hududiy yaxlitligini ta’minlash maqsadida 1998 yil oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan quyidagi harbiy okruglar tashkil etildi:

  • Shimoli -g‘arbiy harbiy okrug;
  • Janubi -g‘arbiy maxsus harbiy okrug;
  • Markaziy harbiy okrug;
  • Sharqiy harbiy okrug;
  • Toshkent harbiy okrug.

2000 yilda Qurolli Kuchlar islohotlari jarayonida ularni jangovar qo‘llash xususiyatlariga ko‘ra quruqlikdagi qo‘shinlarning asosini to‘rtta turdagi umumqo‘shin birlashmalari tashkil etdi:

  • tekislikliklarda jangovar harakatlarni olib borishga mo‘ljallangan motoo‘qchi birlashmalari;
  • tog‘li hududlarda jangovar harakatlarni olib borishga mo‘ljallangan tog‘ – o‘qchi birlashmalari;
  • alohida yo‘nalishlarda yuzaga keladigan jangovar vazifalarni yechishga mo‘ljallangan tez tiziluvchi kuchlar sifatida qo‘llaniladigan desant hujumkor birlashmalari;
  • kichik terrorchi guruhlarni qurshab olish va tor-mor etish uchun maxsus operatsiya kuchlari.

Quruqlikdagi qo‘shinlarning alohida turlari (tank, artilleriya, zenit-raketa birlashmalari) umumqo‘shin bo‘linmalarini kuchaytirish, himoya qilish va dushmanga kuchli uzil-kesil zarbalar berish uchun mo‘ljallangan.