Harbiy havo kuchlari va Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari

HHM qo‘shinlarining rivojlanish tarixi mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari yaratilishi bilan chambarchas bog‘liq.
1993 yil avgust oyidagi O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining “Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarida jangovar navbatchilikni tashkil etish va olib borish bo‘yicha qo‘llanmani kiritish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga binoan havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari O‘zbekiston Respublikasi havo sarhadlarini qo‘riqlashga kirishdilar. Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari davlatimizni havo hujumidan himoya qilishni Harbiy havo kuchlari va quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari bilan hamkorlikda bajaradi. Jangovar vazifani bajarish uchun havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari yaqin, o‘rta, olis uzoqlikdagi zenit raketa komplekslariga ega. Bu komplekslarning samaradorligi ularning safiga havo nishonlarini aniqlash radiolokatsion stansiyalari va avtomatik boshqarish vositalari kiritilishi bilan oshirildi.

Harbiy havo kuchlari – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining eng yuqori manyovrga ega turi hisoblanadi. Ularning vazifalari – havodan dushmanning aviatsiyasi, quruqlikdagi qo‘shin tuzilmalari, davlat va harbiy boshqaruv tizimi obyektlari, front orti, harbiy–iqtisodiy potensiali, uning transport kommunikatsiyalarini tor-mor etish hamda quruqlikdagi qo‘shinlarimizni havodan qo‘llab-quvvatlash, havo desantlarini desantlash, qo‘shinlarni, moddiy-texnik vositalarni tashish, havo razvedkasini olib borish va boshqa vazifalardan iborat.

Ular katta muvaffaqiyat bilan dushmanning Havo hujumidan mudofaasiga qarshi tura oladilar, olis masofadan turib dushmanning quruqlikdagi va havodagi oyektlarini yakson qilish, boshqariluvchi raketalar yordamida dushman front ortining ichki sarhadlariga zarbalar berish va samarali havo razvedkasini olib borishga qodir.