Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi

0
1770

Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasida Mudofaa vazirligi tibbiy taʼminot boshqarmasi tashabbusi bilan “Kasalliklarni tasxishlash va davolashning innovatsion usullari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.

Mamlakatimizning tibbiy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, kuch tuzilmalarining harbiy gospitallari vakillari hamda mustaqil izlanuvchilar, kursant va talabalar ishtirok etgan anjumanda harbiy tibbiy fanlarning eng zarur va dolzarb yoʻnalishlari muhokama qilindi. Unda Turkiya, Germaniya, Rossiya, Litva davlatlarining yetakchi mutaxassislari ham onlayn tarzda qatnashib, maʼruza oʻqidi.

Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda gomotsisteinning oʻrni, miokard infarktning topik diagnostikasi, ogʻir yarador boʻlgan va jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatishdagi tashkiliy jihatlar, taktik boʻgʻinda tibbiy taʼminotni tashkillashtirish, oliy tibbiy taʼlim muassasalari kursant va talabalarining bilim hamda koʻnikmalarini yanada oshirishda simulyatsiya usullaridan foydalanish va boshqa bir qator mavzular boʻyicha eng maqbul taklif va mulohazalar oʻrtaga tashlandi. Ayniqsa, fundamental, innovatsion va amaliy tadqiqotlar olib borayotgan olimlar hamda yosh izlanuvchilarning tibbiyotni dolzarb masalalari, xususan, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish jarayoniga ilm-fanning eng ilgʻor tajribalarini, innovatsion ishlarni keng joriy qilish borasidagi fikr-mulohazalari yigʻilganlar tomonidan diqqat bilan tinglandi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda jahon tendensiyalariga va sogʻliqni saqlashning amaliy ehtiyojlariga muvofiq harbiy tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, tibbiy xizmat koʻrsatishning ilmiy-metodik asoslari, yangi tibbiyot texnologiyalarini oʻrganish hamda boʻlgʻusi harbiy shifokor va tibbiyot mutaxassislarining ishini tashkil etish mexanizmlarida eng ilgʻor tajribalarni tahlil etib, hayotga tatbiq qilish, bir soʻz bilan aytganda, harbiy tibbiyotni yanada rivojlantirish haqida ham fikrlar bildirildi.

Anjuman soʻnggida olimlar va yetakchi mutaxassislar tomonidan kasalliklarni tashxislash va davolashning innovatsion usullari xususidagi fikr va xulosalari, ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslar Qurolli Kuchlar tibbiy xodimlarining harbiy va kasbiy tayyorgarligi darajasini muntazam oshirish va ularni qayta tayyorlash, maxsus bilim va koʻnikmalarini chuqurlashtirish, harbiy tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borishga xizmat qilishi, shuningdek kelgusi hamkorliklarga jiddiy turtki berishi eʼtirof etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti