Qurolli Kuchlar akademiyasiga Olmon mutaxassislari tashrif buyurdi

2

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi professor oʻqituvchilari va Germaniya Federativ Respublikasi Qurolli kuchlari mutaxassislari ishtirokida ikki tomonlama oʻrnatilgan harbiy hamkorlik doirasida mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Uchrashuvda olmon harbiy mutaxassisi Klaus Xyutger “Kritik infratuzilmalar” mavzusida maʼruza qildi. Shuningdek, oʻzbek-olmon mudofaa vazirliklari tizimida olib borilayotgan yangicha yondashuvlar oʻzaro taqqoslanib, atroflicha muhokama qilindi.

Shu bilan birga, oʻsha kunning oʻzidayoq Germaniya Federativ Respublikasi Bundesverning Myunxen universiteti professor-oʻqituvchilari va talabalarining tashrifi ham amalga oshirildi. Unda “Bundesverning Myunxen universitetida ofitserlarning taʼlim olish jarayoni”, “Askarlarni tayyorlash doirasida Bundesverning psixosotsial tarmogʻi” mavzularida maʼruzalar tinglanib, har ikki davlat mudofaa vazirliklari tizimidagi yutuq va kamchiliklar tahlil qilindi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati