Qurolli Kuchlar akademiyasida Pokiston va Fransiyaning mavzuviy mashgʻulot xonalari paydo boʻladi

1

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining infratuzilmasini hamda taʼlim-tarbiyaviy jarayonini takomillashtirish yoʻlida akademiya binosida Pokiston Islom Respublikasi qurolli kuchlariga bagʻishlangan mavzuviy mashgʻulot xonasini yaratish boʻyicha ishlar boshlab yuborildi.

Pokiston Milliy mudofaa universiteti hamda Pokiston Quruqlikdagi qoʻshinlari Qoʻmondonlik-shtab kolleji bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida yaratilayotgan ushbu xona orqali mashgʻulotlarni masofadan turib oʻtkazishning imkoni paydo boʻladi.

Yaqinda Pokistonning Oʻzbekistondagi harbiy atteshesi polkovnik Imron Orif erishilgan kelishuvlar doirasida Qurolli Kuchlar akademiyasiga bir qator koʻrgazmali qoʻllanmalar va oʻz mamlakati qurolli kuchlariga tegishli jihozlarni topshirdi. Ayni vaqtda birgalikda xonaga stendlarni joylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga Pokiston Islom Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy taʼlim muassasalari bilan videokonferensiya aloqani oʻrnatish, shuningdek, pokistonlik mutaxassislarning Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida uzoq muddat mashgʻulot oʻtishi masalalari koʻrib chiqilyapti.

Bundan tashqari Qurolli Kuchlar akademiyasi Fransiya qurolli kuchlariga qarashli harbiy maktablar bilan ham hamkorlik qilib kelmoqda. Taʼkidlash kerakki, fransiyalik mutaxassislar Mudofaa vazirligi tizimidagi oliy harbiy taʼlim muassasalari orasida birinchilardan boʻlib aynan Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlariga fransuz tilidan dars berishni yoʻlga qoʻydi. Xozirda akademiyada Fransiyaga oid mavzuviy mashgʻulot xonasi ham jihozlanmoqda.

Stendlar xorijlik hamkorlar tomonidan taqdim etilgan harbiy texnika maketlari, chet el armiyasiga tegishli atributlar, jurnal va kitoblar bilan boyitilmoqda. Bunda Fransiyaning Oʻzbekistondagi elichixonasi harbiy attashesi podpolkovning Jan-Mari Xolsinger ham amaliy yordam koʻrsatyapti.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati