Qurolli Kuchlar akademiyasida amaliy seminar-trening tashkillashtirildi

1

Qurolli Kuchlar akademiyasi professor-oʻqituvchilarning ilmiy va pedagogik salohiyatini yanada oshirish, oʻqitishga yangi zamonaviy texnologiyalar yangiliklarini keng joriy etish maqsadida, shu yilning 12 sentyabr kuni akademiya oʻquv-uslubiy markazi hamda Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligining bosh ilmiy metodik Markazi bilan hamkorlikda “Yuksak maʼnaviyatli shaxsni shakllantirish va tarbiya texnologiyasi” mavzusida amaliy seminar-trening tashkillashtirildi.

Trening davomida professor-oʻqituvchilar eʼtiboriga yuksak maʼnaviyatli shaxsni shakllantirish tarbiya texnologiyasining dolzarbligi, qoʻllanilishining tarbiyaviy va falsafiy asoslari, shuningdek, ijtimoiy-pedagogik faoliyat turlari haqida tavsiyalar berildi. Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori, pedagogika fanlari doktori Nodira Egamberdiyevaning mavzuga oid maʼruzasi ishtirokchilar tomonidan eng qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.

“Oʻtkazilgan trening natijalariga koʻra, hech shubhasiz, Akademiya professor-oʻqituvchilarida oʻz kasbiy malakalarini yanada oshirish, taʼlim jarayonida keng miqyosda qoʻllanishi mumkin boʻlgan yangi usul va shakllar toʻgʻrisida tushunchalar shakllandi”, — deydi akademiya uslubiy boʻlim boshligʻining oʻrinbosari podpolkovnik Xabibulla Bekpoʻlatov.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati