Qashqadaryoda sport vzvodlari oʻrtasida milliy kurash chempionati boʻlib oʻtdi

2

Qashqadaryoda harbiy okruglar sport vzvodlari oʻrtasida milliy kurash boʻyicha Mudofaa vazirligi chempionati boʻlib oʻtdi. Unda harbiy xizmatchilar 6 vazn toifasida gʻoliblik uchun bahslashdi.

Musobaqada Mudofaa vazirligining barcha harbiy okruglari sport vzvodlaridan bittadan — jami 5 ta jamoa ishtirok etdi. Eng kuchli 30 nafar sportchi saralash va yarim final bahslarida oʻz mahoratlarini namoyish etdilar.

“Harbiylar oʻrtasida milliy kurashimizni targʻib qilish maqsadida vazirlik miqyosida bu kabi musobaqalarni muntazam tashkil etib kelmoqdamiz. Musobaqa davomida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan eng kuchli sportchilar Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibidan oʻrin oladi”, — deydi podpolkovnik Aziz Haydarov.

Eslatib oʻtamiz, Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilgan mazkur musobaqada XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy olgan harbiy sportchilar ham ishtirok etdi. Jumladan, Markaziy harbiy okrugi sport vzvodining sportchisi Ruslan Boʻriyev 66 kg vaznlilar oʻrtasida kurash boʻyicha Jakartada boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlarida kumush medalni qoʻlga kiritgan edi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Sharqiy harbiy okrugining harbiy sportchisi Behruz Norboyev (60 kg) birinchilikni qoʻlga kiritdi. 66 kg vazn toifasida esa birinchi oʻrin Toshkent harbiy okrugi vakili Abror Jabborovga nasib etgan boʻlsa, 73 kg hamda 81 kg vazn toifalari boʻyicha gʻoliblikka Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi sportchilari Muhammad Jumayev va Arslon Tojiyev ega chiqdi.

 

Markaziy harbiy okrugi vakili Bekzod Shamsiddinov 90 kg vazn toifasida barcha raqiblaridan ustun kelgan boʻlsa, 100 kg vazn toifasida Toshkent harbiy okrugi sportchisi Ilhom Joʻrayevga birorta raqib bas kela olmadi.

Musobaqa gʻoliblariga Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Taʼkidlash kerakki, harbiy okruglardagi beshta sport vzvodlari 2017 yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Ularda tayyorgarlik koʻrayotgan harbiy sportchilar respublika, Osiyo va jahon arenalarida Oʻzbekiston shaʼnini munosib himoya qilib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati