Qashqadaryoda “Janub yulduzlari” nomli festival oʻtkazildi

1

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻmondonligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida yoshlar uchun “Janub yulduzlari” nomli sport festivali oʻtkazildi.

Ushbu festivalda viloyat hokimligi, JGʻMHO vakillari hamda ishtirokchilarning ota-onalari ishtirok etdi. 30 ga yaqin jamoadan iborat boʻlgan viloyat yoshlari ommaviy sportning turli yoʻnalishlari, xususan, karate va badiiy gimnastika boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etdi.

Tadbir yakunida gʻoliblarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Shuningdek, Markaziy harbiy okrugiga qarashli Baxmal tumanidagi harbiy qismlardan birida harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolari bilan “Harbiy qism — jinoyatdan holi hudud” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Jizzax viloyati Yoshlar ittifoqi kengashining oilalar bilan ishlash boʻyicha yetakchisi Oydina Egamqulova, psixolog Xurshida Hayitaliyeva, viloyat musiqali drama teatri aktyori Sarvar Rustamov ishtirok etgan tadbirda jinoyatchilikning oilalarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ziddiyatli vaziyatlarning oldini olish haqida maʼruzalar oʻqildi.

Bundan tashqari tadbir davomida psixologik trening hamda harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari oʻrtasida voleybol musobaqasi oʻtkazildi. Musobaqa yakunida ishtirokchilarga badiiy kitoblar va esdalik sovgʻalari ulashildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati