Prezident topshirigʻini bajarishga kirishildi

4

Bugun, 4-dekabr kuni Qurolli Kuchlar davlat muzeyida Xavfsizlik kengashining 28-noyabrdagi kengaytirilgan yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish yoʻlida qoʻyilgan vazifalarning ijrosiga qaratilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi rahbariyati, bastakorlar, kino, madaniyat va sanʼat namoyondalari, rassomlar hamda ijodkorlar ishtirok etdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidenti ushbu yigʻilishda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiylarga mamlakatimizning buyuk tarixini oʻrgatish, ular bilan faxrlanish tuygʻusini shakllantirish mexanizmlarini ishlab chiqish, armiya va xalq birligini taʼminlash borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda ishlarni kuchaytirish orqali milliy armiyamiz saflarini mustahkam iroda, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan yoshlar bilan toʻldirib borish boʻyicha keng koʻlamli topshiriqlarni bergandi.

Oʻzbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Azizbek Ikramov raisligida oʻtgan bugungi uchrashuvda ushbu vazifalar ijrosi va yosh-avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejalashtirib olindi.

“Biz birinchi navbatda harbiy xizmatchilarimizning maʼnaviy saviyasini oshirishimiz kerak. Prezidentimiz ham bekorga “Temur tuzuklari”gni chuqurroq oʻrganishga eʼtibor qaratishimiz lozimligini taʼkidlamadilar. Har bir harbiy xizmatchi bu kitobga yozilgan tariximiz, harbiy sanʼat va strategiya haqida maʼlumotlarni bilishi lozim. Biz esa buning uchun hamkorlikda ishlashimiz kerak. Endilikda barcha ishlar qogʻozda qolib ketmaydi. Mudofaa vazirligi tomondan nimaiki yordam kerak boʻlsa, doim tayyormiz”, — dedi Azizbek Ikramov.

Shuningdek, yigʻilish davomida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi filmlar, multfilmlar, saf qoʻshiqlari, marshlarni yaratish lozimligi alohida qayd etib oʻtildi. Vatanparvarlik mavzusidagi respublika qoʻshiqlar tanlovini oʻtkazish, keyinchalik ushbu qoʻshiqlar toʻplamini chop etib, barcha harbiy qismlarga yetkazish taklifi bildirildi.

“Saf qoʻshiqlarimiz juda eskirib ketgan. Necha yillardan buyon oʻzgarmay keladi. Biz Mudofaa vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda ularni yangilash, kerak boʻlsa askarlarimizning jangovarligini oshirishga xizmat qiladigan kuylarni yaratishimiz kerak”, — deydi Oʻzbekiston bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev.

Yigʻilish yakunida hamkorlikdagi ishlarni yanada rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va uni takomillashtirish toʻgʻrisida barcha tomonlar oʻz takliflarini bildirishi haqida kelishib olindi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati