O‘zbekiston Mudofaa vazirligida Osiyo o‘yinlariga yo‘l olgan armiya sportchilariga omad tilashdi

13

9-avgust kuni Mudofaa vazirligi markaziy apparatida XVIII Yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun yo‘l olayotgan 50 nafar Mudofaa vazirligi sport klubi sportchi va 3 nafar murabbiylarni kuzatishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov, O‘zbekiston Milliy olimpia qo‘mitasi raisi Umid Axmadjonov, O‘zbekiston Boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov ishtirok etdi va mamlakatimiz sharafini jahon sport arenasida himoya qilish uchun yo‘l olayotgan umidli sportchilarga muvaffaqiyatlar tilashdi.

Armiya sportchilari ham Mudofaa vazirligi rahbariyatiga jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, ko‘rsatilayotgan e’tibor, ko‘nikma va mahoratlarini oshirish uchun yaratib berayotgan sharoitlar uchun minnatdorchiligini bildirishdi.

Ta’kidlash kerakki, bu yilgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston sportchilarining 22 foizini Mudofaa vazirligi sport klubi vakillari tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 19-martda qabul qilingan Farmoniga muvofiq tashkil etilgan Markaziy harbiy sport klubi (keyinchalik 2018 yilda Mudofaa vazirligi Sport klubiga aylantirilgan) yurtimiz sportining taraqqiy etishida o‘z o‘rniga ega.

2018-yilda O‘zbekiston o‘smirlar, yoshlar hamda milliy terma jamoalari tarkibida jahon chempionatlari, Osiyo birinchiliklari, dunyo va qit’a kubogi bahslari, Gran-pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro musobaqalar hamda an’anaviy xotira turnirlarida ishtirok etgan Sport klubi vakillari bugungi kunga qadar jami 612 ta medalga, ulardan respublika miqyosidagi bahslarida 511 ta, xalqaro miqyosidagi musobaqalarda 101 medaliga egalik qilishgan.

Oliy toifadagi sport maktabi bo‘lmish Sport klubida 19 ta sport turi ommalashgan. Boks, basketbol, kurash (erkin va yunon-rum), harbiy-amaliy sport turlari va harbiy-amaliy yakka kurashlar (armrestling, qo‘l, universal jang va pichoq bilan jang qilish sport turlari), suvpolosi, baydarka va kanoeda eshkak eshish, dzyudo, milliy kurash, yengil va og‘ir atletika, taekvondo, tennis, miltiqdan va kamondan o‘qotish, trampolin, sambo hamda regbi kabi sport turlari shular jumlasidan.

Sport klubining mamlakatimiz terma jamoalariga yuqori toifali sportchilarni tayyorlashda ham alohida o‘rni bor. Uning sportchilari tarkibidan 6 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, 46 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi.

2014-yilda Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan XVII Yozgi Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz terma jamoasi tarkibiga kirgan Mudofaa vazirligi Sport klubining 44 nafar sportchisi 10 ta sport turi bo‘yicha ishtirok etib, 3 ta oltin, 3 ta kumush va 12 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

2018-yilning avgust-sentyabr oylarida Indoneziyaning Djakarta va Palembang shaharlarida o‘tkaziladigan XVIII Yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasidan joy olgan 50 nafar Mudofaa vazirligi sport klubi a’zosi jami 11 ta sport turi bo‘yicha ishtirok etadi. Ular jiu-jitsu, kurash, boks, taekvondo, yengil atletika, kanoe va baydarkada eshkak eshish, og‘ir atletika, dzyudo, otish, tennis, trampolin kabi sport turlarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati