O‘zbekiston Mudofaa vazirligida bir qator yangiliklar joriy etiladi

5

Bu haqda 6 avgust kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi 3898-son qarorining mazmun-mohiyatini yetkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi.

Tadbirda mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov, shuningdek, boshqa vazirlik, idora va tashkilot rahbarlari, jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etdi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

“Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatchilarning hayotiy va professional ko‘nikmalarini ilm-ma’rifat asosida qalbi va ongiga singdirish, mamlakatimiz hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda ularning bilimlarini oshirib borish, yon-atrofimiz va jahonda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda yondashish, ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash masalalarida to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish yo‘lida navbatdagi qadam bo‘ldi”, — deydi mudofaa vaziri.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida haftaning har juma kuni “Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” etib belgilandi va ushbu kunda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga alohida e’tibor qaratiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, qarorga muvofiq Mudofaa vazirligi zimmasiga 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, Qurolli Kuchlari akademiyasi umumqo‘shin fakulteti bazasida qo‘shimcha “Qo‘mondonlik-taktik tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar” mutaxassisligi bo‘yicha ofitserlar tayyorlash ta’lim tizimi joriy etiladi va ikki oy muddatda ushbu mutaxassislik bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturi ishlab chiqiladi.

“Qo‘mondonlik-taktik tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar” mutaxassisligiga 2018/2019 o‘quv yilida, istisno tariqasida, Qurolli Kuchlari akademiyasi umumqo‘shin fakultetiga o‘qishga kirgan kursantlar orasidan ularning roziligiga asosan tanlab olinishi tashkil etiladi.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyaning Qurolli Kuchlar tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda munosib hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilarga hamda fuqarolarga harbiy xizmatchilar va yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirishga katta ta’sir ko‘rsatgan ishlari va yutuqlari uchun topshiriladigan “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida Hukumat qarorini qabul qilish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy-vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash organlari negizida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari tashkil etiladigan bo‘ldi.

Brigadalarda va alohida batalonlarda “harbiy psixolog” (ofitser) lavozimi, harbiy okruglar boshqaruv apparatlarida “psixolog”, “yetakchi sotsiolog”, brigadalarda (ularga tenglashtirilgan harbiy qismlarda)
va alohida batalonlarda “harbiy qism komandirining ma’naviyat
va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi” lavozimlari joriy etiladi.

Vazirlik markaziy apparati harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi hamda davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar va yoshlar bilan ishlash bo‘limi negizida ushbu boshqarma va bo‘lim vazifalarini bajaruvchi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi tashkil etiladi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasining asosiy maqsadi, mustaqil, keng dunyoqarash va fikrlashga ega, iymon-e’tiqodi va irodasi mustahkam, ma’naviyatli va fidoyi, Vatanga sodiq va halol, ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanib xizmat qiladigan barkamol shaxs — Vatan himoyachilarini tarbiyalash, ularning dunyoqarashlarini, mantiqiy, ijodiy va tahliliy fikrlash doirasini kengaytirishga qaratilgan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati