O‘qishga kirishdagi qo‘shimcha imtiyozlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 apreldagi PQ-2867-sonli Qaroriga asosan Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolarga barcha mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlarida test sinovlari natijasiga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar qo‘shib berish imtiyozi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil
12 apreldagi 170-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlarining maqomi to‘g‘risidagi” qaroriga asosan 5 yil davomida serjantlar tarkibi lavozimlarida benuqson xizmat qilgan harbiy xizmatchilarga test sinovlarida to‘planishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 20 foizi miqdorida qo‘shimcha imtiyoz beriladi hamda “Eng ilg‘or serjant” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlov (konkurs)dan tashqari qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 5 fevraldagi PF-555-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-sonli Qaroriga muvofiq, tegishli vazirlik yoki idora tomonidan belgilangan tanlovdan (yakuniy tibbiy tekshiruv, ruhiy tanlov, jismoniy tayyorgarlik sinov va hakozalar) o‘tgan Xalqaro va Respublika fan olimpiadalari g‘oliblari tegishli oliy harbiy ta’lim muassasalariga mutaxassislik yo‘nalishining asosiy faniga muvofiqligi bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan o‘qishga test sinovlarisiz qabul qilinadilar.

Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 17 fevralidagi 21-sonli qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiruvchi harbiy-akademik litseylarning bitiruvchilariga ular to‘plagan ballar soniga qo‘shimcha eng ko‘p yig‘ish mumkin bo‘lgan ballning 10 foizi miqdorini qo‘shish yo‘li bilan imtiyozli qabul shartlari beriladi.

2012 yil 26 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 277-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy harbiy ta’lim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga asosan oliy harbiy ta’lim muassasalariga xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari tibbiy tekshiruv natijalariga hamda tegishli vazirlik va idora rahbarining tavsiyanomasiga asosan Davlat komissiyasining qarori bilan Oliy harbiy ta’lim muassasiga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz qabul qilinadi.