Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish tartibi

Bilim yurti bitiruvchilari oliy harbiy ma’lumot, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va Davlat ta’lim standartiga mos fuqarolik mutaxassisligiga ega bo‘lishadi.

Bilim yurtlariga o‘qishga kirish istagini bildirgan shaxslar o‘qishga qabul yilining 1 fevralidan 1 apreligacha yashash joyidagi tuman yoki shahar mudofaa ishlari bo‘limiga (muddatli va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar qism komandirlarining nomiga raport) ariza beradilar. Arizada (raportda) familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va oyi, turar joyining manzilgohi, harbiy bilim yurtining nomlanishi ko‘rsatiladi.

Arizaga tarjimai hol, ish joyi yoki o‘qish joyidan tavsifnoma, o‘rta ma’lumoti haqidagi hujjatning nusxasi, uchta fotosurat (bosh kiyimsiz, 4,5×6 sm o‘lchovda) ilova qilinadi.

Pasport, harbiy guvohnoma yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma, o‘rta ma’lumoti haqidagi hujjatning asl nusxasi nomzod tomonidan harbiy bilim yurtining qabul qomissiyasiga ko‘rsatiladi.

Tibbiy ko‘rik, kasbiy-ruhiy va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha tanlov Mudofaa vazirligining qabul komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Jismoniy qobiliyatlarning bahosi quyidagicha parametrlar bo‘yicha aniqlanadi:

  • kuch (turnikda tortilish, 8-12 marta);
  • chidamlilik (kross – 3000 m, 12.40-14.00 daqiqa);
  • tezlik (yugurish – 100 m, 14.00-15.00 soniya).

Bilim yurtiga o‘qishga kiruvchilar tibbiy ko‘rik, kasbiy-ruhiy va jismoniy tanlovlardan o‘tganlaridan so‘ng 5 iyul kuni quyidagi fanlar bo‘yicha Davlat test sinovini topshiradilar:

  • matematika;
  • fizika;
  • ona tili va adabiyot;
  • chet tili.