“Ochiq eshiklar kuni” oʻquvchi yoshlarning harbiycha hayot bilan tanishishiga imkon berdi

1

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida “Ochiq eshiklar kuni” munosabati bilan Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji hamda Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi akademik litsey oʻquvchilari uchun ekskursiya uyushtirildi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibda oʻtkazilgan yigʻilishida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini shakllantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlagan edi. Majlisda askarlar, harbiy xizmatchilar mamlakatning shonli tarixi, ona zaminda yashab oʻtgan buyuk qahramonlar, sarkarda va qoʻmondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan gʻururlanishi kerakligi alohida qayd etilgandi.

Ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan ekskursiya davomida oʻquvchi yoshlar akademiya faoliyati, kursantlarning yashashi va bilim olishi uchun yaratib berilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Qurolli Kuchlar akademiyasi tarixiga bagʻishlab ishlangan film hamda Akademiya muzeyi yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Bundan tashqari shu kabi tadbirlar Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan birida ham oʻtkazildi. Toshkent viloyati Qibray tumani Chingeldi maishiy xizmat hamda Qibray qishloq xoʻjalik kasb-hunar kolleji oʻquvchilari qatnashgan tadbirda oʻquvchi yoshlar harbiy qismda boʻldi. Oʻquv xonalari, oshxona, sport majmuasi va yotoqxonalardagi sharoitlar bilan tanishdi. Harbiy qism elektron tirida esa nishonlarga oʻq otish boʻyicha maʼlumot va koʻnikmalar berildi. U yerda jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarida zarur boʻlgan asbob-uskunalar, qurollar hamda himoya vositalari koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

Yuz-koʻzidan harbiy kasbga havas va ishtiyoq sezilib turgan yoshlarning harbiy qismga qilgan ushbu sayohati ular uchun unutilmas taassurot qoldirgani shubhasiz.

Shuningdek, kun davomida Toshkentdagi 248- hamda 18-sonli umumtaʼlim maktablarida “Askar maktab mehmoni” mavzusida ochiq darslar uyushtirildi.

Dasr jarayonida harbiy xizmatchilar oʻquvchilarga harbiy kasb nufuzi va masʼuliyati haqida, shuningdek, harbiy xizmatchilarga davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan imtiyozlar xususida maʼlumotlar berildi. Oʻquvchilarga avtomatni qismlarga ajratish va yigʻish hamda ommaviy qirgʻin qurollaridan foydalanish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatib oʻtildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati