Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi boshlandi

1

Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qism va dala-oʻquv maydonida Mudofaa vazirligi qoʻshin turlari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining harbiy xizmatchilari oʻrtasida anʼanaviy oʻtkazilayotgan eng katta koʻrik-tanlov – “Eng ilgʻor mutaxassis”ning yakuniy bosqichi boshlandi.

Tanlovning tantanali ochilish marosimida Mudofaa vazirligi, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi vakillari soʻzga chiqib, “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovi harbiy xizmatchilarda yuksak jangovar tayyorgarlik va professionallikni oshirish, qoʻshinlarda oʻzaro musobaqa ruhini kuchaytirish, harbiy mutaxassislarda yetakchilik xususiyatlarini rivojlantirish, harbiy jamoalarda sogʻlom raqobatbardosh va maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini qayd etdilar.

Tanlovning dastlabki bosqichlari qoʻshinlar tarkibi, harbiy okruglarda kuchli raqobat muhitida oʻtkazildi. Quyi bosqich gʻoliblari – eng ilgʻor serjant, guruh, vzvod va batalon komandirlari harbiy uchkurash, taktika, oʻt ochish, jismoniy va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarliklar kabi yoʻnalishlar boʻyicha bellashmoqda.

“Tanlovda qatnashish va gʻolib boʻlish uchun koʻp izlandim, oʻqidim, oʻrgandim, Tajribali ofitserlardan saboq oldim. Maqsadim – serjantlar ichida sarasi, ilgʻori boʻlish. Buning uchun imkoniyatim, kuch va salohiyatim yetishiga ishonaman”, – deydi kichik serjant Shohrux Sultonov.

Qurolli Kuchlar miqyosida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovi 2004-yilning fevralida tashkil etilgan.

Tanlovning maqsadi harbiy xizmat nufuzini oshirish, qoʻshinlarda zamonaviy harbiy anʼanalarni shakllantirish, harbiy xizmatchilar qalbida tanlagan kasbiga, ona Vataniga hurmat va vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yuksak jangovar shaylikni taʼminlash, komandirlar mahoratini oshirishga qaratilgan.

“Eng ilgʻor mutaxassis” tanlovida harbiy qism va muassasalarda bir yildan ziyod xizmat qilgan harbiy xizmatchilar ishtirok etishi mumkin. Ular tanlovning “Eng ilgʻor serjant”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor batalon (divizion) komandiri” va “Eng ilgʻor qoʻshilma (brigada) komandiri” nominatsiyalari boʻyicha oʻzaro bellashadi.

Tanlov bahslari 7-dekabr kuniga qadar davom etadi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati