Oʻzbekiston Prezidenti sovrini uchun boʻlib oʻtgan xalqaro kurash musobaqasida Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchisi birinchilikni qoʻlga kiritdi

1

Toshkentda kurash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro musobaqa boʻlib oʻtdi.

Jahonning 40 ga yaqin mamlakatidan kelgan polvonlar ishtirok etgan musobaqa finaliga ikki nafar oʻzbekistonlik kurashchi yetib bordi. Sherali Joʻrayev va Bekmurod Oltiboyev oʻrtasidagi final bellashuvida esa Sheralining qoʻli baland keldi va yakunda u musobaqa gʻolibiga aylandi.

Sherali oltin medal bilan birga musobaqa gʻolibi uchun atalgan 50 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puliga ham ega chiqdi. Ikkinchi oʻrin sohibi Bekmurod Oltiboyevga 25 000 AQSH dollari nasib qildi. Bronza medalini qoʻlga kiritgan sportchilar Aslan Kambiyev (Rossiya) va Temur Rahimov (Tojikiston) esa 10 000 AQSH dollari bilan ketadigan boʻlishdi.

Eslatib oʻtamiz, Sherali Joʻrayev va Bekmurod Oltiboyev Indoneziyada boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlarida dzyudo boʻyicha ishtirok etib, bronza medallarga sazovor boʻlishgandi. Joʻrayev -100 kg vazn toifasidagi bahslarda, Oltiboyev esa +100 kg vazn toifasidagi bahslarda uchinchi boʻlishgandi.