Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining bayrogʻi va emblemasi tasdiqlandi

1

Oʻzbekiston Prezidenti 27-noyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining bayrogʻi va emblemasini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi bayrogʻi toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi koʻk rangli mato koʻrinishiga ega boʻldi.

Bayroqdagi koʻk rang hokimiyat, ulugʻvorlik, qadr-qimmat, kuch va qudratni ifoda etadi. Bayroqning old va orqa tomoni markazida geraldik belgi — Mudofaa vazirligining emblemasi tasvirlangan.

Bayroqning uzunligi 250 sm, eni — 125 santimetrga teng. Boshqa oʻlchamlardagi boʻlganida bayroqning uzunligi va kengligi nisbati 1:2 ni tashkil etishi lozim boʻladi. Mudofaa vazirligining geraldik belgisi — emblemasi esa sariq va koʻk rangli aylana tasmasi boʻlgan sariq rangdagi doiradan iborat. Aylana tasmaning yuqori qismida sariq rangli bosh harflar bilan lotin alifbosida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI”, pastki qismida — “MUDOFAA VAZIRLIGI”, deb yozilgan.

Emblemaning ichki qismida qadim zamonlarda davlatchilik, barkamollik, birlik va lashkarlik ramzini anglatuvchi, shuningdek, qadim Sharq davridan ilmiy meʼmorchilikning asosiy elementi boʻlmish sakkiz qirrali yulduz joylashgan.

Yulduzning burchaklari oʻrtasida zarrin rangdagi nurlar taramlari mavjud. Sakkiz qirrali yulduzning oʻrtasida otda savlat bilan oʻtirgan buyuk sarkarda Amir Temur tasvirlangan. Fon va figura mintaqamizga xos boʻlgan, shuningdek, kuch va qudrat ramzi hisoblanuvchi zarrin rangda bajarilgan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati