Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi KVN terma jamoasi xalqaro festivalda ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi

1

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari hamda harbiy xizmatchilaridan tarkib topgan “Sharq yulduzi” terma jamoasi Moskvada boʻlib oʻtgan “Mudofaa vazirining KVN kubogi” xalqaro festivalida ishtirok etib, 2-oʻrinni egalladi.

Harbiy KVN oʻyinidagi gʻoliblikni Volsk shahridan boʻlgan “Mahfiy qurol” ayollar jamoasi qoʻlga kiritdi.

Ikkinchi oʻringa uch jamoa — Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining “Sharq yulduzi” terma jamoasi, Krasnodarning “Top sekret” hamda Penzaning “Penzalik artileriyachilar” jamoasi munosib deb topildi.

Uchinchi oʻringa Dalnevostok oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtining (Rossiya Federatsiyasi) “Ostorojno! DVOKU” jamoasi qoʻlga kiritdi.

Umumkiy hisobda KVN finalida sakkkizta jamoa ishtirok etdi. Gʻoliblarga sovrinni Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu topshirdi.

Kecha, 2 dekabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida faxrli oʻrinni qoʻlga kiritgan hamyurtlarimiz tantanali ravishda kutib olindi. Harbiy orkestr sadolari ostida yigʻilganlar Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilgan Mudofaa vazirligi terma jamosini qutladilar.

Eslatib oʻtamiz, “Sharq yulduzi” terma jamoasi 2017-yilda Moskvada oʻtkazilgan “Hamdoʻstlik KVN” oʻyinlarida birinchi marta ishtirok etib, 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Oʻshanda birinchi va ikkinchi oʻrinlar mezbon davlat jamoalariga nasib etgan.

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi 2018-yilda Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqada birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan. Oʻzbekiston KVN Oliy ligasining bu yilgi finaliga yoʻllanma olgan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati