Oʻzbek davlat akademik xalq cholgʻulari orkestri Oʻzbekiston Mudofaa vazirligida konsert berdi

2

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida “Maʼnaviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” munosabati bilan harbiy xizmatchilar eʼtiboriga Oʻzbek davlat akademik xalq cholgʻulari orkestri tomonidan jonli ijrodagi konsert dasturi taqdim etildi.

Maroqli konsert davomida orkestr tomonidan “Oʻzbek xalq kuylari”, “Doira usullari”, “Qilichbozlar raqsi” kabi qator chiqishlar yigʻilganlarga bir olam maʼnaviy zavq, ruhiy quvvat ulashdi.

“Ochiqroq gapiradigan boʻlsak, bugungi yoshlar yengil musiqalarni koʻproq tinglashadi. Bu esa ularning tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bunga kimnidir aybdor sanash notoʻgʻri. Zamon shunaqa. Hammaning qoʻlida telefon, internet bor. Nimani xohlasa, shuni eshitadi, koʻradi. Albatta, bunga qarshi kurashish kerak, kerak boʻlsa maktabgacha taʼlim muassasalarida ham dam olish soatida milliy musiqalarimizni qoʻyish lozim. Shu maʼnoda bugungi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirning ahamiyati salmoqli boʻldi”, – deydi podpolkovnik Bahrom Zulfiqorov.

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylangan desantchilar harbiy qismida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir davomida xizmati davomida safdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan 120 nafar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi aʼzo harbiy xizmatchilariga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining “Koʻkrak nishoni” tantanali ravishda topshirildi va harbiy xizmatchilarni bilim saviyasini oshirish, kitob mutoalasiga boʻlgan qiziqishini orttirish maqsadida kengash tomonidan 100 dona badiiy kitoblar sovgʻa qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qismlarida tashkil etilgan boshlangʻich tashkilotlar yetakchilarining faolligini oshirish maqsadida ilk marotaba Toshkent harbiy okrugi harbiy qismlarida tashkil etilgan “Eng namunali boshlangʻich tashkilot yetakchisi” koʻrik talovida ham “desantchilar”ning boshlangʻich tashkilot xonasi harbiy okrug miqyosida faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi hamda okrug qoʻshinlari qoʻmondonining koʻchma kubogi bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati