Mudofaa vazirligida Tojikiston delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

21

7 avgust kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi. Ularga Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqullodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy hamrohlik qildi.

Uchrashuv davomida hozirgi kunda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi, harbiy-texnika yo‘nalishidagi aloqalarni mustahkamlash borasida fikrlar almashildi.

O‘zbekiston mudofaa vaziri ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yuqori baholadi va joriy yilning mart oyida O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning naqadar muhim ekanligini ta’kidladi.

“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga uyushtirgan tashrifi tarix zarvaraqlariga muhrlandi va ushbu voqea ikki mamalakat o‘rtasidagi hamkorlikning davomiy rivojlanishiga ijobiy turtki bo‘ldi”, — deydi A.Azizov.

Shuningdek, O‘zbekiston mudofaa vaziri o‘z nutqida mamlakatlarimiz o‘rtasida mudofaa sohasi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishning naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etib o‘tdi.

Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirdi. U O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mintaqadagi eng kuchli va zamonaviy qurol-aslahalarga, O‘zbekiston armiyasining harbiy xizmatchilari jangovar o‘quv mashg‘ulotlari borasida yaxshi bazaga ega ekanligini ta’kidladi.

Bundan tashqari uchrashuvda shu yilning o‘zidayoq ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga va davlatlararo maqsadli rejalarni amalga oshirishga erishilgani aytib o‘tildi.

Suhbat davomida Tojikiston mudofaa vaziri o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarini murakkab sharoitda qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish va armiya jamoalari o‘rtasida sport hamda madaniy tadbirlarni o‘tkazishga taklif bildirdi.

Mehmonlar O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida professional kadrlarni, ayniqsa, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida uchuvchilar tarkibini tayyorlash masalasini yuqori baholadi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat mudofaa idoralari rahbarlari o‘zaro 2018 yilgi harbiy hamkorlik rejasini imzodi. Shundan so‘ng mehmonlar Mustaqillik maydonidagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Shuningdek, Tojikiston delegatsiyasi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga ham tashrif buyurib, oliy harbiy ta’lim muasssasining faoliyati va maqsadi bilan tanishdi, qo‘mondonlik va shtab bo‘g‘inidagi harbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishdagi zamonaviy yondashuvlarni e’tirof etdi.

Shuningdek, Tojikiston Respublikasi harbiy delegatsiyasi Chirchiqdagi harbiy poligonda ham bo‘lib, “Tank biatloni” bellashuvi bo‘yicha tashkillashtirilgan ko‘rgazmali mashg‘ulotni tomosha qildi.

8 avgust kuni Tojikiston Respublikasi harbiy delegatsiyasi Samarqand va Buxorodagi diqqatga sazovor tarixiy va madaniy obidalar bilan tanishadi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati